Futzal boʻyicha Jahon chempionati yuqori darajada tashkil etiladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori (PQ-195-son, 28.05.2024 y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Andijon, Buxoro hamda Toshkent shaharlarida 2024-yil 14-sentyabr – 6-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan 2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori darajada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:

    • 2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi;
    • 2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi.

    Shuningdek, 2024-yil iyun va avgust oylarida Jahon chempionati bosh sovrini – Jahon kubogini ommaga tanishtirish uchun respublika boʻylab “Trophy experience” futzal turi marshruti ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

    Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslarni identifikatsiyalovchi va chiptalarni zamonaviy texnologiyalar (QR-kod) yordamida roʻyxatga oluvchi va tekshiruvchi maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi.

    2024-yil avgust – oktyabr oylarida Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar, shuningdek, Jahon chempionati oʻyinlariga chiptalari mavjud boʻlgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yoʻl chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy qilinadi.

    Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar hamda oʻyin kunlari chiptalari mavjud boʻlgan shaxslar uchun jamoat transport vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.