Fuzuliyda Oʻzbekiston va Ozarbayjon nodavlat-notijorat tashkilotlari ilk forumi tashkil etildi

    Xalqaro hamkorlik 28 Noyabr 2023 1031

    Shu kunlarda Oʻzbekistonning bir qator nodavlat-notijorat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari Ozarbayjonda boʻlib turibdi. Gap shundaki, ushbu mamlakatda Oʻzbekiston va Ozarbayjon nodavlat-notijorat tashkilotlarining birinchi hamkorlik forumi hamda uning doirasidagi tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.

    Aytish joizki, mazkur forum ikki xalq oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Binobarin, bugungi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon aloqalari doʻst hamda qardosh mamlakatlar sifatida har tomonlama rivojlanib, kengayib bormoqda. Bunda Prezidentlar -Shavkat Mirziyoyev hamda Ilhom Aliyevning davlatlarimizni rivojlantirish borasidagi siyosiy irodalari, muloqotlari, tashabbus hamda gʻoyalari asosidagi saʼy-harakatlar juda katta ahamiyat kasb etyapti.

    Oʻzbek va ozar millati azaldan doʻst. Dini bir, tili, anʼanalari oʻxshash va mushtarak. Keyingi yillarda ana shu umumiy uygʻunlik asosidagi aloqalar jadal surʼat bilan yangi bosqichga koʻtarildi. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy munosabatlar yanada mustahkamlandi. Oldi-sotdi, bordi-keldi koʻpaydi. Munosabatlar, muloqotlari maydoni kengaydi va bu jarayon izchillik kasb etgan.

    Xususan, forumning Fuzuliy shahrining Mirzo Ulugʻbek nomidagi 1-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida tashkil etilishi ham oʻzgacha maʼnoga ega. Chunki ushbu maktab oʻzbekistonlik quruvchilar tomonidan barpo etilgan va uning ochishida davlatimiz rahbari ishtirok etgandi. Shu jihatdan olganda, forum ikki qardosh va hamkor davlat munosabatlari qanchalik mustahkamlanib borayotganini va aloqalar nafaqat hozirgi davr uchun, balki kelajak avlod uchun ham xizmat qilishini anglash qiyin emas.

    Buni forum ochishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, Oʻzbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Eshonxoʻjayev, Ozarbayjon Respublikasi nodavlat-notijorat tashkilotlari agentligi ijrochi direktori Aydin Aliyeva va boshqalar alohida taʼkidladilar.

    Forum davomida Oʻzbekistonning bir nechta nodavlat-notijorat tashkilotlari rahbarlari taqdimot oʻtkazdilar.

    Umuman olganda, forum doirasidagi tadbirlar dasturi rangbarang. Undan turli madaniy tadbirlar, uchrashuvlar, kelishuvlar oʻrin olgan.

    Oʻzbekiston delegatsiyasining Ozarbayjonga qilgan safari tafsilotlari xususida “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining keyingi sonlaridan birida beriladigan tahliliy maqolada batafsil soʻz yuritamiz.

    Dilshod ULUGʻMURODOV

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Ozarbayjon.