Maʼlum boʻlishicha, ikki nafar fuqaro togʻ bagʻrida sayr qilayotgan vaqtda noqulay ob-havo yoki relyef murakkabligi sabab yoʻldan adashib qolgan va mustaqil ravishda pastga tushish imkoniyatini yoʻqotgan.

Mazkur murojaat yuzasidan FVVning ixtisoslashtirilgan qutqaruv otryadi zudlik bilan aytilgan manzilga yetib bordi. Qutqaruvchilarning tezkor va professional harakatlari natijasida qidiruv ishlari muvaffaqiyatli yakunlanib, fuqarolarning turgan joyi aniqlandi.

Jabrlanuvchilarga zarur amaliy yordam koʻrsatilib, ular maxsus anjomlar yordamida xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.

Hozirda fuqarolarning ahvoli yaxshi boʻlib, sogʻligʻiga hech qanday xavf tahdid solmayapti.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi shu oʻrinda yurtdoshlarimizdan togʻli hududlarda sayr qilish davomida belgilangan xavfsizlik qoidalariga qatʼiy amal qilishni va notanish yoʻlaklardan yurmaslikni soʻrab qoladi.