FVV Samarqand viloyatiga sel kelgani haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi

    Yomg'ir suvlari avtomobilni taxminan 40-50 metr masofaga surib borgan, natijada unga qisman zarar yetgan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqand viloyatining ba'zi tumanlariga kuchli sel keldi” sarlavhasi ostida tarqalgan xabar yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumot berdi.

    9-maydan 10-may kuniga o'tar kechasi Samarqand viloyati Samarqand tumani “Yuqori Ohalik” MFYda qisqa muddatli ko'p miqdorda yomg'ir yog'ishi natijasida ushbu hududidan oqib o'tuvchi soyga yomg'ir suvlari sig'may, toshib chiqish holati yuzaga kelgan.

    Hodisa oqibatida taxminan soat 23:30 larda ushbu maxallada yashovchi fuqaro M.Aga tegishli bo'lgan Jiguli “VAZ-21011” rusumli avtomobil yashash uyi yaqinidagi soy suv yo'lida qolganligi sababli kelayotgan yomg'ir suvlari uni taxminan 40-50 metr masofaga surib borgan, natijada avtomobilga qisman zarar yetgan.

    Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va xalok bo'lganlar yo'q. Mazkur holat yuzasidan tuman FV bo'limiga fuqarolar tomonidan murojaatlar kelib tushmagan.