G7 sammitida Eron va Isroil masalasi ko'tarildi

    G7 sammiti ishtirokchilarining qo'shma bayonotida aytilishicha, Eron “mintaqaviy beqarorlik va terrorning asosiy manbaidir”. Hujjatda Isroilning Eronga qarshi harakatlari bevosita tanqid qilinmadi.

    AQSh Prezidenti Donald Tramp va “Yettilik” guruhi (G7, katta yettilik) davlatlarining boshqa yetakchilari kutilmaganda Yaqin Sharqdagi mavjud vaziyat bo'yicha qo'shma bayonotga kelishib oldi. Sammit tashkilotchisi Kanada tomonidan 16-iyun, dushanba kuni kechqurun e'lon qilingan hujjat matnida Eron “mintaqaviy beqarorlik va terrorning asosiy manbai” deb atalib, Isroilning o'zini himoya qilish huquqiga urg'u berilgan. G7 davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, Eron hech qanday sharoitda yadroviy qurolga ega bo'lishiga yo'l qo'yilmasligi haqidagi uzoq vaqtdan beri ma'lum bo'lgan pozitsiyasini yana bir bor ta'kidladi.

    Qo'shma bayonot Oq uy Trampning Yaqin Sharqdagi inqiroz tufayli Vashingtonga erta qaytishi va sammitning ikkinchi kunida ishtirok etishdan bosh tortishini e'lon qilganidan bir necha soat o'tib kelishib olindi, deb xabar beradi dw.com.

    Ayni paytda Donald Trampning o'zi Truth Social platformasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ta'kidlaganidek, Vashingtonga “Isroil va Eron o'rtasidagi o't ochishni to'xtatish” tufayli qaytmaganini yozdi va uni yolg'on ma'lumot tarqatishda aybladi. “To'g'ri emas! Nima uchun hozir Vashingtonga ketayotganimni u bilmaydi, lekin buning o't ochishni to'xtatishga hech qanday aloqasi yo'q”, deb ishontirdi Tramp. Uning so'zlariga ko'ra, gap “juda muhimroq” narsa haqida ketmoqda. “Atayinmi yoki yo'qmi, Emmanuel har doim noto'g'ri tushunadi”, deb qo'shimcha qildi AQSh Prezidenti.