“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga tutash hududda “Qahramonlar nomi barhayot” nomli yodgorlik barpo etiladi

    Prezident tashabbusi bilan Toshkentdagi Gʻalaba bogʻiga yondosh hududda tashkil etilishi koʻzda tutilayotgan “Qahramonlar nomi barhayot” nomli yodgorlik loyihasi boʻyicha arxitektura ishlanmalari tanlovining gʻoliblari aniqlandi.

    Davlatimiz rahbari koʻrsatmasi bilan poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga tutash hududda “Qahramonlar nomi barhayot” nomli yodgorlik barpo etish vazifasi yuklatilgan edi.

    Shu munosabat bilan 2023-yilning 10-oktyabr sanasida Vazirlar Mahkamasining “Qahramonlar nomi barhayot” nomli yodgorlik majmuasi uchun arxitektura ishlanmalari tanlovi eʼlon qilingandi.

    Tanlovga taqdim qilingan loyihalar Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziriligi va boshqa tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat hakamlar tomonidan baholanib, gʻoliblar aniqlandi.

    Oʻnga yaqin loyihalar orasida Shohruh Oʻrozov va Akram Raupovning ijodiy ishi 764 ball toʻplab, mualliflar birinchi darajali diplom hamda 100 million soʻm pul mukofotiga ega boʻldi.

    Ikkinchi darajali diplom va 75 million soʻm pul mukofoti bilan Aleksandr Kuranov va Orifjon Jalalov, uchinchi darajali diplom va 50 million soʻm pul mukofoti bilan Alisher Boqiyev taqdirlandi.