Gʻalaba bogʻiga chiptalar onlayn sotiladi

    Harbiy 10 Sentabr 2020 4159

    “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari qabul qilindi. Ular Prezidentning 9-sentabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

    “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi (keyingi oʻrinlarda – Majmua) Mudofaa vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi shaklidagi faoliyat koʻrsatadi va Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sagʻbon koʻchasi manzilida joylashgan.

    Majmuaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

    • koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk Gʻalabani taʼminlashga qoʻshgan munosib hissasini ilmiy asosda oʻrganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish;
    • Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish;
    • yosh avlodning maʼnaviy olamini yuksaltirish va keksa avlod bilan vorisiylik tuygʻusini kuchaytirish, yuksak gumanizm, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash;
    • oʻtganlar xotirasini yod etish bilan bogʻliq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari, ijodiy kechalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
    • Ikkinchi jahon urushi davriga oid xorijiy muzey ekspozitsiyalari va arxivlari fondlarini oʻrganish, Oʻzbekiston xalqining gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasini ilmiy asoslash uchun maqsadli, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda ularni keng jamoatchilikka taqdim etish;
    • “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondlari va ekspozitsiyalarini Ikkinchi jahon urushi bilan bogʻliq hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borish;
    • Ikkinchi jahon urushiga oid muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash, yangilarini aniqlash, toʻplash, ular haqidagi maʼlumotlarni nashrga tayyorlash, chop etish va ilmiy isteʼmolga kiritish;
    • tarixiy xotirani mustahkamlash maqsadida taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda Majmuada ochiq darslar, maʼruza va seminar mashgʻulotlari oʻtkazishni, talabalarning malakaviy amaliyot oʻtashini tashkil etish;
    • Majmuada turistlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va uning turistik salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
    • Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish hamda noanʼanaviy koʻrgazmalar yaratish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ushbu yoʻnalishdagi chet el muzeylari bilan koʻrgazmalar tashkil etish borasida oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
    • aholiga madaniy-dam olish xizmatlarini koʻrsatish.

    Majmua hududida:

    • Mudofaa vazirligining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi;
    • Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti;
    • Harbiy orkestrlar xizmati va Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilgan.

    Majmuani saqlash Mudofaa vazirligiga har yili ajratiladigan byudjet mablagʻlari, byudjetdan tashqari mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

    Majmua huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi, u quyidagilar hisobiga shakllantiriladi:

    • Majmuaga va uning obyektlariga kirish uchun chiptalar sotish, uning mulkini ijaraga berish, shartnomaga muvofiq koʻrgazmalar tashkil etishdan va boshqa xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar;
    • yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, respublika norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan homiylik xayriyalari;
    • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Majmuaga tashrif buyurish uchun bir martalik chipta narxi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

    Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida mudofaa vazirining madaniy ishlar boʻyicha maslahatchisi – “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi boshligʻi lavozimi joriy etildi. Majmua boshligʻi madaniyat vaziri bilan kelishilgan holda mudofaa vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

    Mudofaa vazirligi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti oʻz maqomiga, xodimlar (harbiy xizmatchilar) mehnatiga haq toʻlash (pul taʼminoti) shartlariga koʻra Mudofaa vazirligi markaziy apparatining bosh boshqarmasiga tenglashtiriladi.

    Majmua 2021-yildan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari loyihalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritiladi. Ushbu loyihalarga mablagʻlari davlat buyurtmasi talablariga muvofiq tanlovlar asosida ajratiladi.

    Quyidagilar:

    • Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”;
    • Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk Gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasi haqidagi kitob-albomni tayyorlash va nashr etish boʻyicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

    Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar nazarda tutilgan:

    • Majmuaga kirish chiptalarining onlayn savdosini tashkil etish;
    • xorijiy tillarda onlayn gid va onlayn ekskursiya oʻtkazish tizimini joriy etish;
    • “Shon-sharaf” davlat muzeyining zamonaviy saytini yaratish hamda unda “3D” va “360o” formatidagi fotoalbomni shakllantirish va joylashtirish choralarini koʻrsin;
    • Majmua va “Shon-sharaf” davlat muzeyi hududida milliy esdalik sovgʻalari mahsulotlari hamda muzeyda saqlanayotgan ashyolar nusxalarining savdosini tashkil etish.

    Majmua hududida esdalik sovgʻalari mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi hunarmandlar faqat oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotadi va “Xalq amaliy sanʼati ustalarining milliy katalogi”ga kiritiladi.

    Toshkent shahar hokimligiga 2020-yil 1-oktyabrga qadar Majmuani belgilangan tartibda qabul qilib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va uni barcha mol-mulki bilan operativ boshqarish huquqi asosida Mudofaa vazirligiga tekin foydalanish huquqi asosida topshirish vazifasi yuklandi.

    Elmira Siraziyeva.