Gʻallaorolda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochildi

    Raqamlashtirish 26 Mart 2021 550

    Jizzax viloyati, Gʻallaorol tumanida raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochilib, oʻz ish faoliyatini boshladi. Ushbu zamonaviy bilim maskani Jizzax viloyatida tashkil etilgan sakkizinchi oʻquv markazi hisoblanadi.

    Shinam xonalarga ega boʻlgan yangi markaz zamonaviy kompyuter jihozlari bilan taʼminlangan boʻlib, yuqori tezlikda ishlovchi internet tarmogʻi bilan taʼminlangan. Bu yerda tuman yoshlari uchun kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash, veb dizayn, kompyuter grafikasi kabi ixtisoslashgan oʻquv kurslarni tashkil etish uchun moʻljallangan.

    Shu bilan birgalikda oʻquv markazida tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari va xodimlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakasini oshirishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.