Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, galdagi mavsumda respublika boʻyicha 9 ming 426 ta mahalladagi infratuzilmaning yaxshilanishi uchun jami 49 ming 464 ta taklif kelib tushgan hamda ulardan 33 ming 631 tasi ovozga qoʻyilgan. Ushbu takliflar uchun tuman (shahar) byudjetlari hisobidan 1,2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Lekin bu miqdor ham oxirgi chegara emas. Gʻolib loyihalar soni yanada oshishi mumkin.

Zero, davlatimiz rahbarining shu yil 10-apreldagi “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib boʻlmagan 1 ming 309 ta loyiha ham moliyalashtiriladigan boʻldi. Shunday qilib, birinchi mavsum uchun 2 ming 997 ta gʻolib loyihaga byudjet hisobidan jami 2,8 trillion soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi. 

Hozirgi paytda hududiy infratuzilmani rivojlantirish rejalari bilan birga, “Ochiq byudjet” loyihasining “Tashabbusli byudjet”, “Mening yoʻlim” yoʻnalishlari orqali fuqarolar ilgari surgan takliflar va ularga ovoz berish natijalari asosida koʻplab ijtimoiy muammolar hal etib kelinmoqda.

Bu yil mahallalarga ajratilayotgan mablagʻ koʻlami 25 trillion soʻmga yetkazilishi, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida byudjetdan oʻtgan yildagiga qaraganda 3,5 barobar koʻp, jami 8 trillion soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Shundan 2 trillion soʻm “Tashabbusli byudjet” jarayoni uchun tuman va shahar byudjetlarida rejalashtirilgan, 320 milliard soʻm “Mening yoʻlim” loyihasi doirasida tuman va shahar byudjetlaridan ajratilishi, 4 trillion soʻm jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun moʻljallangan.

Odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni koʻproq hal etish maqsadida 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri byudjeti qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi ham fuqarolar fikri asosida yoʻnaltiriladigan boʻldi. Bungacha bunday talab faqat tuman-shaharlar byudjetiga taalluqli edi. Endi mahalliy byudjetlar tomonidan ajratilgan qoʻshimcha pul hisobiga 1,7 trillion soʻm Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga oʻtkaziladi.

Har biri 20 kunni qamrab olgan amaldagi “Tashabbusli byudjet” talabiga koʻra, uning dastlabki bosqichida fuqarolar oʻz takliflarini ilgari surishdi, ikkinchisida mazkur takliflar moderatsiyadan oʻtkazildi, yaʼni saralandi. Uchinchisida saralangan takliflar ovoz berishga qoʻyildi. Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra, har bir hududda eng koʻp ovoz toʻplagan takliflar gʻolib topiladi va ular berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib yuqoridan pastga qarab saralab olinadi hamda loyihaga moʻljallangan mablagʻdan kelib chiqqan holda moliyalashtiriladi.

Bu jarayonlar 2019-yildan buyon Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Ochiq byudjet” portalidagi “Tashabbusli byudjet” boʻlimi orqali amalga oshirib kelinyapti. Ushbu elektron tizim yordamida fuqarolar mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yoʻllar qurish, bogʻcha, maktablarni taʼmirlash va jihozlash kabi masalalar boʻyicha loyihalarni taklif etib, ovoz berish yoʻli bilan mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari uchun imkoniyat yaratilgan.

Hayotning oʻzi “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirishni kun tartibiga qoʻymoqda. Chunki bu tizim orqali hozirgi paytda aholining eng dolzarb muammolarini oʻrganishga yordam beradigan “Ochiq maʼlumotlar bazasi” shakllanyapti. Bu joylarda mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishda amaliy “yoʻl xaritasi” vazifasini oʻtashi mumkin.

Prezidentimizning oʻtgan yil 24-oktyabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2023-yildan boshlab “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yoʻli bilan aniqlanishi nazarda tutilgan.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jalol Arashovning qayd etishicha, ovoz berish jarayoni har yili noyabr–dekabr oylarida oʻtkaziladi. Taklif etilayotgan tadbirlar har bir mahalla boʻyicha bitta loyiha paketi shaklida ovozga qoʻyiladi. 1-noyabrga qadar davlat byudjetining tasdiqlangan koʻrsatkichlari asosida, hududlar boʻyicha yoʻnaltiriladigan kapital qoʻyilmalar tuman va shaharlardagi aholi, mahallalar soniga nisbatan teng ulushlarda, lekin 8 milliard soʻmdan kam boʻlmagan holda ajratiladi.

Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayonlari uchta bosqichda tashkil etiladi:

1-bosqichda—portalda loyihalar toʻplami shakllantiriladi;
2-bosqichda — shakllantirilgan loyihalar toʻplami saralab olinadi;

 3-bosqichda — saralash bosqichidan oʻtgan loyihalar toʻplamlariga ovoz beriladi.

“Mening yoʻlim” loyihasi ham ishga tushirilgan. Oʻtgan yildan boshlab tuman va shaharlar byudjeti parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan yoʻllarning taʼmirlanishiga yoʻnaltiriladi. Bu jarayon har yili bir marotaba oʻtkaziladi.

“Tashabbusli byudjet” orqali gʻolib topilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni bilan bevosita tanishib borish va kuzatilayotgan kamchilik yoki muammoli holatlar yuzasidan portal orqali xabar qoldirish maqsadida “Jamoatchilik nazorati” boʻlimi tashkil etildi. Natijada fuqarolar ishlarning sifatsiz yoki talab darajasida emasligi yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri portal orqali xabar berishlari mumkin. Bu esa mablagʻlardan samarali foydalanish va turli qonunbuzilish holatlarining oldini olishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu oʻrinda bir jihatga eʼtibor qaratsak. Koʻp hollarda oʻqituvchi va boshqa kasb egalarining ovoz yigʻishga majburlanishi ham kuzatilardi. Hatto ayrim hududlarda har bir oʻqituvchi yoki hamshiraga muayyan miqdorda ovoz yigʻish majburiyati yuklatilishigacha borildi. Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan qarori bilan esa bu kabi holatlarga chek qoʻyildi. Mazkur jarayonda byudjet tashkilotlari rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yigʻish boʻyicha xodimlarga topshiriq berishi taqiqlanadi. Ovoz yigʻishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.

Bundan tashqari, turli ragʻbat evaziga ovoz sotib olinayotgan hoatlarga ham duch kelinyapti. Yana bir jihati, “Tashabbusli byudjet”ga ovoz berish SMSga bogʻlangani uchun bir kishi bir nechta sim karta sotib olib ovoz berishi mumkin. Bu esa “bir kishi – bir ovoz” tamoyiliga zid keladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu kabi muammolarni hal qilishga astoydil harakat qilyapti. Turli takliflar har tomonlama oʻrganib chiqilyapti. Ular orasida berilgan ovozlarni IMEI orqali identifikatsiya qilish, telefon raqamlarga JSHIRni integratsiyalash va jarayon yakunlangach, nofaol sim kartalarni aniqlash, ovoz berish muddatini ikki barobar qisqartirish kabilar bor.

Bunday masalalar jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilinyapti. Yaqinda oʻtkazilgan uchrashuvda iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Ahadbek Haydarov “Tashabbusli byudjet”ni ijro etish jarayonida kamchilik va muammolar kuzatilayotganini qayd etar ekan, bu jamoatchilik byudjeti, aholining juda katta qismi unga diqqatini qaratayotgani sababli uchrayotgan muammolarni ham birga hal qilish lozimligini taʼkidladi.

Joriy yil uchun tasdiqlangan davlat dasturida “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini xolis ovoz berish, maʼmuriy aralashuvlarsiz tashkil etish vazirlik zimmasiga yuklangan. Izlangan imkon topadi. Davr va zamonaviy texnologiyalar shiddat bilan oʻzgarayotgani kabi bu jarayonlarni takomillashtirishning ham maqbul mexanizmlari topiladi. Eng muhimi, aholining mazkur loyihaga, uning shaffofligi va samarasiga ishonchi katta. Bunga ayni kezda davom etayotgan ovoz berish jarayonida yana bir karra shohid boʻlyapmiz.

Abdurauf QORJOVOV,

sharhlovchi