Matbuot anjumanida Buxoro viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi Farhod Latipov, uning oʻrinbosarlari, boshqarmaning barcha boʻlim boshliqlari, qator soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Hozirda viloyatda jami 1 290 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlib, shundan 439 tasi davlat, 851 tasi nodavlat (26 tasi xususiy, 756 oilaviy va 69 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosida) maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

Viloyat boʻyicha 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 148 514 nafar, shundan 73 041 nafari yoki 49,2 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan. Ushbu koʻrsatkich qamrovning 2017-yilga nisbatan qariyb 19,4 foizga oshganligini koʻrsatadi. Joriy yil yakuniga qadar esa, viloyatda maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish koʻrsatkichi 49,2 foizdan 61 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Buxoroning chekka hududlarida yaʼni Qorakoʻl tumanining olis hududlarida esa «Aqlvoy» dasturi doirasida ISUZU avtobusida mobil guruh tashkil etilgan boʻlib, unda 144 nafar bolalar qamrab olingan.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yana-da rivojlantirish toʻgʻrisida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, bugungi kunda hududdagi 6 yoshli jami 8 040 nafar bolalar 268 ta majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlariga qamrab olingan.

Anjumanda boshqarma boshligʻining alohida qayd etishicha, sohada davlat-xususiy sherikchilik tizimini yana-da takomillashtirish uchun tizimda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyatda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini tuzish istagini bildirgan jami 162 ta tashabbuskorlar tomonidan arizalar topshirilgan boʻlsa, bugungi kunda ularning 103 nafari bilan loyiha bitimi imzolangan.

Shuningdek, 80 ta bitim loyiha tashabbuskorlariga jami 147,7 mlrd.soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilgan boʻlib, shundan jami 69 ta (6 929 oʻrin) davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini boshlab, 3097 nafar bolalarni qamrab olgan.

Vazirlar Mahkamasining oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va ularga ruxsat berish toʻgʻrisidagi qaroriga asosan, bugungi kunda viloyatda 756 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yuritmoqda, ularga jami 11 292 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyalanmoqda.

Anjumanda qayd etilishicha, 2020-yilda viloyatda jami Investitsiya dasturi doirasida 24 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida hamda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 6 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Unga jami 94,1 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

2019-yilda “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, “Obod markaz” dasturlari orqali viloyatda jami 34 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.

Taʼkidlash joizki, viloyatdagi 439 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bugungi kunga kelib jami 2622 ta guruhlar mavjud.

Mavjud guruhlarda “Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablari” asosida tuzilgan ”Ilk qadam” va “Ilm yoʻli” davlat oʻquv dasturlarini amaliyotga tatbiq etish borasida bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, hududlardagi maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlarini malakasini oshirish uchun “Maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagogining kasbiy standarti” mavzusida oʻquv-seminarlar tashkil etilmoqda.

“Ilk qadam” va “Ilm yoʻli” davlat oʻquv dasturlari va ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun 7 220 ta tarqatma materiallar tarqatilgan boʻlsa, ulardan jami 6 580 dona 6-7 yoshli bolalarga pandemiya davrida har bir tarbiyachi tomonidan sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda tarqatildi.

Matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, 2020-yilda 202 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyadan oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, ulardan 2020-yilning 1-yanvaridan 16-martgacha 113 ta tashkiloti attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazilgan boʻlsa, qolgan 89 ta tashkiloti pandemiya tufayli 2021-yilda akkreditatsiyalanadi.

Yosh avlodni ona vatanga hurmat ruhida tarbiyalashda, ularni vatanparvarlik ruhida voyaga yetishlari uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “vatanparvarlik” burchaklari tashkil etilib, har haftaning juma kuni vatanparvarlik oyligi deb eʼlon qilindi.

Shuningdek, viloyatidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish mavzularida oʻquv-seminarlar tashkil etildi.

Matbuot anjumani yakuni qizgʻin savol-javoblarga boy boʻlib, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan toʻliq javoblar olishdi.

Buxoro viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi Axborot xizmati