Bu haqda Britaniya Antarktika xizmati xabar berdi.

“Aftidan, insoniyat G'arbiy Antarktida muz qatlami erishi ustidan nazoratni yo'qotgan. Agar biz uni asl ko'rinishida saqlamoqchi bo'lsak, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishni hozir emas, o'nlab yillar oldin boshlashimiz kerak edi. Biroq bundan xabardor bo'lish bizga bir necha o'n yillar davomida dengiz sathining tez ko'tarilishiga tayyorlanish imkonini beradi”, — dedi Britaniya Antarktika xizmati tadqiqotchisi Keytlin Noten.

Noten va uning hamkasblari global isishga qarshi kurash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar G'arbiy Antarktidani qoplagan muz massalari holatiga qanday ta'sir qilishi haqidagi stsenariylarni tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi. Bu muzliklar, ayniqsa Antarktika yarim orolini qoplagan muzliklar global iqlim o'zgarishi ta'siriga chidamsizdir.

Misol uchun, olti yil oldin Larsen muzligining so'nggi bo'laklaridan biri ajralib chiqdi va bu Moskva viloyati kattaligidagi ulkan aysbergni yuzaga keltirdi. Bu kabi hodisalar olimlarni G'arbiy Antarktida muz qatlamining yaqin vaqtlarda parchalanib ketishi bilan bog'liq masalani muhokama qilishga majbur qilmoqda, deb xabar beradi tass.ru.