G'arbiy Qozog'iston viloyatida suv toshqini tufayli 450 dan ortiq turar-joy binolari suv ostida qoldi

    Qozog'istonning G'arbiy Qozog'iston viloyatidagi suv toshqini oqibatida 450 dan ortiq turar-joy binolari suv ostida qoldi. Bu haqda respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    “Jami 455 ta turar-joy binolari, 5 ta ko'p qavatli turar-joylarning yerto'lalari, 17 ta ijtimoiy obyektlar suv ostida qolgan. Qarato'be tumanida Mudofaa vazirligining 2 ta vertolyoti qutqaruv ishlariga jalb etilgan. Ayni paytda Korjin qishlog'idagi qishloq maktabidan 350 kishi evakuatsiya qilindi”, deyiladi xabarda.

    Qayd etilishicha, Oqsuv qishlog'ida 46 ta uydan 150 kishi evakuatsiya qilingan. Suv toshqini oldini olish ishlariga 950 dan ortiq kishi va 411 texnika jalb qilingan. Qutqaruvchilar suvni chiqarib tashlamoqda.

    Bundan tashqari, Aqto'be shahrida havoning keskin isishi munosabati bilan Ilek daryosi bo'yida joylashgan bog'dorchilik xo'jaliklari uylariga erigan qor suvi kirib kelishi xavfi mavjud. Aqto'be suv omborida suvning umumiy hajmi maksimal darajaga yaqinlashdi. Shu munosabat bilan Aqto'beda mahalliy miqyosda favqulodda holat e'lon qilindi. Bu yerda bog'dorchilik xo'jaliklari aholisini erta evakuatsiya qilish amalga oshiriladi. Qutqaruvchilar tomonidan 1,4 mingdan ortiq odam qutqarilib, evakuatsiya punktlariga joylashtirildi, deb xabar beradi tass.ru.