баннер
22 Mar 2025
04:15

    Garov mulki sotilmasa banklar 25 foiz arzon narxda oʻzida qoldirishi mumkin

    Garovga qoʻyilgan mol-mulk egasi jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganligi uchun undan mol-mulki olib qoʻyilsa, banklarga oʻz talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi berilmoqda.

    Senatning beshinchi yalpi majlisida “Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Mazkur Qonun bilan kreditorlarning garovdagi mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini taʼminlash va garovdagi mol-mulk hisobidan kredit qarzdorlikni undirish jarayonlarini soddalashtirish nazarda tutilmoqda.

    Xususan, garovga qoʻyilgan mol-mulk egasi jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganligi uchun undan mol-mulki olib qoʻyilsa, banklarga oʻz talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi berilmoqda.

    Bundan tashqari, garovdagi mulkni bozor qiymatida savdoga chiqarish hamda qaytmagan qarzdorlik summasi garov qiymatining 15 foizidan kam boʻlganda, undiruvni mulkka qaratmaslik belgilanmoqda.

    Qonunda undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilganda ushbu mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish narxi sud qarori bilan belgilanishi nazarda tutilmoqda.

    Qonunga koʻra garovdagi mol-mulk qarzni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari boʻyicha sotilmaganda, davlat ijrochisi tomonidan undiruvchiga (bank yoki boshqa qarz beruvchi tashkilot) mol-mulkni takroriy auksion savdolari yoki savdo tashkilotlari tomonidan qayta realizatsiya qilish chogʻidagi boshlangʻich sotish narxidan 25 foiz kamroq summada oʻzida qoldirish taklifini bildirish tartibi belgilanmoqda.

    Qonunning qabul qilinishi kreditorlarning garovga qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini taʼminlash, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, majburiyatlarni garovga qoʻyilgan mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirish va kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga xizmat qiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech