Farmonga koʻra, 2023-yil 1-iyuldan:

undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov obyektini “E-auksion” elektron savdo platformasida auksionga kreditorning yoki qarzdorning buyurtmasi asosida qoʻyishga ruxsat etiladi;

hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar boʻyicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda tijorat banklari oldidagi qarzni ikki tomonlama tasdiqlovchi solishtirish dalolatnomasi talab etilmaydi.

2024-yil 1-yanvardan quyidagilar joriy etiladi:

- toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik berish; 

- garovga qoʻyilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin boʻlgan eng past narxni auksion obyekti boshlangʻich narxining 80 foizi miqdorida belgilash; 

Bunda, mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlangʻich narxidan 25 foiz past qiymatda oʻzida qoldirish taklif qilinadi.

- undiruv qaratilgan garovga qoʻyilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qoʻyuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;

- qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyotini bekor qilish.