Garvard universiteti bilan hamkorlikda yurtimizda Tibbiy genetika markazi ochiladi

    Xalqaro hamkorlik 9 May 2023 1806

    Garvard universiteti bitiruvchilari orasidan 75 nafar Nobel mukofoti sovrindori, AQSHning sakkiz nafar prezidenti chiqqan.

    Oʻzbekiston Cogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiya dastlabki muloqotni dunyoning eng nufuzli va qadimiy oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblangan Garvard universiteti rahbariyati bilan oʻtkazdi.

    Aytish joizki, Massachusets shtatida joylashgan mazkur muassasaga 1636-yilda asos solingan. Bu yerda 21 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Xususan, universitetning Boston shahridagi Garvard tibbiyot maktabida sogʻliqni saqlash sohasining deyarli barcha yoʻnalishlari uchun mutaxassislar tayyorlanadi.

    Ushbu muassasa bitiruvchilari orasidan 75 nafar Nobel mukofoti sovrindori, AQSHning sakkiz nafar prezidenti chiqqan.

    Uchrashuvda mazkur universitet bilan keng koʻlamli hamkorlik boʻyicha qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Garvard genomika markazi bilan tibbiy-genetika sohasidagi kelishuv yurtimizda ushbu yoʻnalishni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish uchun muhim asos boʻldi.

    Aytish kerak, mazkur hamkorlik yurtimizda tibbiy genetika boʻyicha markaz tashkil etish, uni eng soʻnggi va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash, AQSH universitetida oʻzbekistonlik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni oʻz ichiga oladi.

    Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimi rahbar kadrlarini oʻqitish, tibbiy genetika mutaxassislari malakasini oshirib, ulardan trenerlar tayyorlash, taʼlim boʻyicha Garvard universiteti bilan yurtimizdagi sohaga daxldor oliy oʻquv yurtlari, ixtisoslashgan markazlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ilmiy aloqalarni kengaytirish rejalashtirildi.

    Binobarin, Oʻzbekistonda tashkil etiladigan Tibbiy genetika markazining arxitekturasi, dizayni, strategiya va konsepsiyasini birgalikda ishlab chiqish masalasi muhokama etildi.

    Oʻz navbatida, hamkorlarimiz Toshkent tibbiyot akademiyasining Biotexnologiyalar markazi tarkibidagi genetik ilmiy laboratoriya bazasida oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga rozilik bildirdi.