Gʻayrat Fozilov YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Noyabr 2021 723

    2021-yil 16-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov BMT Bolalar jamgʻarmasining (YUNISEF) Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Afshon Xon bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Mehmon mamlakatimizga Jahon bolalarni himoya qilish kuni va YUNISEFning 75 yilligiga bagʻishlangan “Nogiron bolalar uchun inklyuzivlikni taʼminlash” xalqaro veb-forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va YUNISEF oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda yaqin istiqboldagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

    YUNISEF rahbari Oʻzbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, taʼlim tizimini takomillashtirish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar bilan atroflicha tanishdi.

    Oʻz navbatida, Afshon Xon Oʻzbekiston hukumati tomonidan fuqarolarni, ayniqsa, mojaro zonalaridan kelgan ayollar va bolalarni qaytarish, jamiyatga qayta integratsiyalashuvi va ularga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan “Mehr” insonparvarlik aksiyasini olqishladi.

    Jamgʻarmaning 2021-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston boʻyicha yangi hamkorlik dasturi doirasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.