Gaz jihozlari nosozligi qancha muddatda bartaraf etilishi kerak?

    Isteʼmolchilarning gaz jihozlaridan oqilona va xavfsiz foydalanishi baxtsiz hodisalarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

    Boisi, salgina eʼtiborsizlik ham noxush holatlarga sabab boʻlishi, turli dilxiralikni keltirib chiqarishi mumkin.

    — Baʼzi isteʼmolchilar gaz jihozlarida nosozlik kuzatilgach, gaz taʼminoti xodimlari xonadoniga tez yetib kelib, xizmat koʻrsatmaganidan norozi boʻlib, murojaat etadi, — deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali servis xizmatini rivojlantirish boʻlimi masʼul xodimi Sh.Tohirov. — Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 2-ilovasida “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari” belgilab qoʻyilgan. Unda gazdan foydalanish uskunalarini isteʼmolchilarning yozma yoki elektron buyurtmalari asosida gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tariflar boʻyicha taʼmirlash muddatlari bayon qilingan boʻlib, xizmat koʻrsatish muddati holatning xavflilik darajasiga qarab belgilanadi.

    Bu jarayonda isteʼmolchi xonadonida tabiiy gaz sizib chiqish holati kuzatilsa, soha xodimi darhol borib xizmat koʻrsatishi kerak. Ovqat tayyorlash yoki isitish mavsumida isitish uchun moʻljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida bir kun davomida xizmat koʻrsatiladi. Issiq suv va isitish uchun moʻljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida (isitish mavsumidan tashqari vaqtda) ikki kun, gazdan foydalanish uskunalarini almashtirishda esa besh kun davomida xizmat koʻrsatilishi zarur.

    Gaz jihozlarini texnik va profilaktik koʻrikdan toʻliq oʻtkazish nafaqat soha xodimlari balki, isteʼmolchilardan ham jiddiy eʼtibor va masʼuliyat talab etishini yoddan chiqarmaslik lozim.