Gaz “schetchiklarini” endi qiyoslash kerak emas

    Energetika 5 Noyabr 2020 2104

    2021-yil 1-avgustga qadar respublikaning barcha hududlarida isteʼmolchilarga zamonaviy hisoblagichlarni oʻrnatib, tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini toʻliq joriy etilishi rejalashtirilgan.

    Birinchi bosqichda, yaʼni, 2021-yil 1-fevralga qadar Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq, Chinoz, Yuqorichirchiq, Yangiyoʻl va Karmana tumanlari hamda Toshkent, Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Kattaqoʻrgʻon, Qoʻqon, Margʻilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi baland boʻlgan hududlarda tizimni oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.

    Yangi elektron hisoblagichlar “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholiga grafikka koʻra mutlaqo BEPUL tarzda oʻrnatiladi.

    Biroq, bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlariga 1-bosqichda nazarda tutilmagan hududlardan tabiiy gaz hisoblagichlarini qiyoslash boʻyicha koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda.

    Davlat xizmatlari agentligi aholining ovoragarchiligiga chek qoʻyish va ortiqcha pul mablagʻlarini sarflashini oldini olish uchun, tabiiy gaz hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan oʻtkazish muddatini 2021-yil 1-avgustga qadar uzaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Hukumat ushbu aholiga yengillikni qoʻllab-quvvatladi.

    Demak, hurmatli fuqarolar, gaz hisoblagichlaringizning “standartdan oʻtkazish” muddati oʻtgan boʻlsa ham, 2021-yil 1-avgustga qadar hisoblagichni qiyoslashning keragi yoʻq.

    “Schetchik”ni davriy tekshiruvdan oʻtkazish muddati oʻtgan boʻlsada, hisob-kitoblar hozirda uyingizda oʻrnatilgan hisoblagichlar asosida amalga oshiriladi.

    2021-yil 1-avgustga qadar eski koʻrinishdagi (elektron boʻlmagan) gaz hisoblagichlarini qiyoslash uchun arizalar qabul qilinishi toʻxtatib turiladi, deb xabar beradi Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.