Gaz taʼminoti loyiha hujjatlarini tayyorlab berishni vaʼda qilgan firibgar qoʻlga tushdi

    Oʻzganing ishonchiga kirib, noturar bino uchun gaz taʼminoti loyiha hujjatlarini tayyorlab berishni vaʼda qilgan sobiq gaz ustasi ushlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tuman boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Sergelitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi sobiq chilangari O.S. (muqaddam sudlangan) fuqaro A.I.ning ishonchiga kirib, uning Sergeli tumanidagi noturar binosi uchun tanishlari yordamida gaz taʼminoti loyiha hujjatlarini va yongʻin xavfsizligi talablari boʻyicha tegishli ruxsatnoma tayyorlab berishi evaziga 1 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 moddasi (firibgarlik) va 28, 221 moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.