Majmua bunyodkorligiga “Oʻztransgaz” aksionerlik jamiyati tomonidan 3 milliard soʻm mablagʻ sarflangan boʻlib, choʻlquvarlar oilalarini sportga hamnafas yashashlari, jismonan baquvvat boʻlishi uchun zoʻr imkoniyat yaratildi.

Zamon talabiga javob beradigan sport majmuasida voleybol, basketbol, boks, gimnastika va milliy kurash zallari, stol tennisi, sunʼiy qoplamali mini futbol maydoni, velosipedda yurish va va yugurish yoʻlaklari hozirlangan va risoladagidek jihozlangan. Eʼtiborlisi, bunda ishga tushirilayotgan seksiyalar bir kunning oʻzida yuzdan ortiq sportsevar yigit-qizni qamrab olishi, ular uchun esa yigirmadan ortiq murabbiy mashgʻulotlarda band boʻlishi mumkin.

Oʻziga xos dizaynga ega sport kompleksi “uzukka qoʻyilgan koʻz” misoli shaharcha qiyofasiga koʻrk bagʻishlamoqda. Mazkur sport majmuasining tantanali ochilish marosimida “Oʻztransgaz” AJ raisi Ulugʻbek Saidov, Romitan tuman hokimi Xurshid Toxirov, shuningdek, “Buxorogazsanoatqurilishʻ aksiyadorlik jamiyati rahbari Sobir Joʻrayev, ”Gazli magistral gaz quvurlari" boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Haydarov, Gazli shaharchasi hokimi Sherali Poʻlotovlar, qolaversa, mahalliy aholi va sportsevar yoshlar ishtirok etdi. deb xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Tantanada soʻzga chiqqanlar bu muhtasham inshooot mushtarak orzu-istaklarimizni roʻyobga chiqaradigan sportchi yoshlar bilan gavjum boʻlishini, bu yerdan Vatanimiz shaʼnini munosib himoya qilib, yurtimiz bayrogʻini xalqaro maydonlarda baland koʻratishga qodir isteʼdod egalari yetishib chiqishini niyat qildilar.