Hozirgi kungacha “Gazli” gazni qayta ishlash zavodida faqatgina Amin yordamida gazni oltingugurtdan tozalash qurilmalari orqali tozalangan gazlar toʻgʻridan-toʻgʻri “Oʻztransgaz” AJning magistral gaz quvurlariga uzatilib kelinar edi. Bugungi kunga kelib, zavodda Gazni seolit yordamida quritish va tabiiy gaz tarkibidan propan-butan aralashmalarini olish qurilmalari ham barpo etildi.
Kuni kecha mazkur zavoddagi Propan-butan aralashmasi olish qurilmasining 2-bosqichi muvaffaqiyatli ishga qoʻshilib, suyultirilgan gaz mahsuloti ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Qurilmalarning 2-bosqichini amalga oshirishda Ukrainaning “Sumskoye NPO” zavodida ishlab chiqarilgan adsorber va isitish pechi, “Turbogaz” zavodidan turbodetander, Rossiyaning “Gidromashservis” zavodining nasos va agregatlari, “AZSTRASTSTROY” zavodining suyultirilgan gazni quyish uskunalari, “Promresurs” kompaniyasining porshenli kompressor agregati, Germaniyaning “Linde AG” kompaniyasining issiqlik almashinuvchi uskunasi, AQSH va Chexiyaning “Izzy Group Inc”, “Global Industrial Solution ss.r.o.” kompaniyalaridan nazorat oʻlchov uskunalari, avtomatika hamda tizim dasturiy taʼminoti olib kelindi.
Qurilish montaj va sinov ishlari “Oʻzbekneftgaz” AJning malakali mutaxassislarining qatʼiy nazorati ostida Bosh pudratchi – “Muborakneftgazmontaj” AJ tomonidan amalga oshirildi.
Yangi barpo etilgan Gazni seolit yordamida quritish qurilmasi hamda Propan-butan aralashmalarini olish qurilmalari zamon talablariga mos ravishda raqamlashtirildi. Ushbu qurilmalarni ham qoʻlda, ham avtomatik boshqarish imkoniyatlari yaratildi.
“Gazli” gazni qayta ishlash zavodida ushbu qurilmalarning ishga tushirilishi “Oʻztransgaz” AJ va isteʼmolchilarga gaz quvurlari orqali berilayotgan gazlarni toza va sifatli boʻlishini taʼminlaydi. Bundan tashqari, Propan-butan aralashmasi olish qurilmasini ishga tushirilishi natijasida respublika aholisiga qoʻshimcha yillik 80 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berishga erishiladi.
Maʼlumot uchun: “Gazli” gazni qayta ishlash zavodi Uchqir majmuasi, Buxoro viloyati, Romiton tumani hududida joylashgan boʻlib, 1980-yilda ishga tushirilgan. Propan-butan aralashmasini olish qurilmasi yiliga 4,5 milliard kub/metr gazni qayta ishlab, 80,0 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi hamda 37,5 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarishga moʻljallangan, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.