So'nggi yillarda dunyoda qurilish jarayonida energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallaridan foydalanish bino-inshootning tannarxi arzon bo'lishi hamda qurilish ishlarini tez fursatda, sifatli amalga oshirishda muhim omil bo'lib xizmat qilyapti.
Rivojlangan davlatlarda g'isht o'rniga energiya tejamkor gazobetondan foydalanish keng ommalashgan bo'lib, mamlakatimizda ham ushbu qurilish materiallarini ishlab chiqarishni keng yo'lga qo'yish, bu yo'nalishda jahon tajribasini qo'llashga alohida e'tibor berib kelinmoqda. Xususan, “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan gazobeton ishlab chiqarish bo'yicha bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Natijada yangi korxonalar faoliyati yo'lga qo'yilyapti.
Tahlillarga ko'ra, uyushma mas'ulligida 2020 yilda avtoklav gazobeton ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yillik quvvati 1,650 ming metr kub bo'lgan 8 ta korxona faoliyati yo'lga qo'yilgan. Toshkent viloyatining o'zida yiliga 200 ming metr kub ishlab chiqarish imkoniyatiga ega “Mega Block Investment” MCHJ va “Toshkent Temir Beton” UK ishga tushirildi. Shuningdek, Buxoro ("Xanadu Grand plyus" MCHJ – yillik quvvati 50 ming metr kub) va Jizzax (“INTER GROUP AGRO EXPORT” MCHJ – yillik quvvati 100 ming metr kub) viloyatlarida ham gazobeton ishlab chiqarish bo'yicha loyihalar amalga oshirilgan.
Toshkent viloyatining yana bir hududi – Ohangaron shahrida Evropa texnologiyalari asosida bunyod etilgan “East mining invest” MCHJ QK tomonidan yillik ishlab chiqarish quvvati 500 ming metr kub bo'lgan korxona faoliyati yo'lga qo'yildi. e'tiborlisi, “Arton” kompaniyasi tomonidan Farg'ona, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ham ana shunday korxonalar ishga tushirilmoqda.
Axolini arzon-uy joylar qurishda foydalaniladigan mahalliy, energiya tejamkor qurilish materiallari bilan ta'minlash maqsadida “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratilgan.
Joriy 2021 yilda ushbu yo'nalishda yillik ishlab chiqarish quvvati 1 mln metr kub bo'lgan 8 ta loyiha amalga oshiriladi. Avtoklav gazobeton ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonalar Toshkent viloyatida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Xususan, hududda “Ecoton sharq” MCHJ (yillik quvvati 50 ming metr kub) "Gazoblok Company" MCHJ (yillik quvvati 200 ming metr kub), "Xinyuan Building Materials Company" MCHJ (yillik quvvati 50 ming metr kub) va “Alijon” MCHJ (300 ming metr kub) kabi tadbirkorlik subyektlari yaratiladi.
Buxoro, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida ham mazkur yo'nalishda 3 ta loyihani amalga oshirish ishlari jadal sur'atlarda olib borilyapti. Ayni damda ushbu korxonalarga uskunalar va mutaxassislarni olib kelish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, bino va inshootlarni qurish ishlari davom etmoqda.
Ma'lumot uchun, gazobeton — g'ovak (teshik-teshik) betonning bir turi bo'lib, zamonaviy qurilish materiali hisoblanadi. Uni ba'zan “sun'iy tosh” deb ham atashadi. Oddiy betondan farqli, tarkibida 1-3 millimetrli pufaklar mavjud bo'lib, ular tufayli beton yengil, yetarli darajada mustahkam, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega bo'ladi. Shuningdek, tabiiy gazni 8 marta kam sarflashi, energiya tejamkorligi va eng asosiysi, unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq g'ishtdan bir necha marotaba afzalligi bilan ajralib turadi. 1 metr kub g'isht 1800-2000 kilogramm og'irlikka ega bo'lsa, shu hajmdagi gazobetonning og'irligi atigi 500-700 kilogramni tashkil etadi.
“O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
matbuot xizmati