Gemodializ xizmati yoʻlga qoʻyilgan tumanlar soni 23 taga yetdi

    Salomatlik 15 Avgust 2022 3291

    Yaqin yillargacha buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrigan bemorlar juda koʻp qiyinchilik va ovoragarchiliklarga duch kelgan. Qolaversa, gemodializ va nefrologiya xizmati sifati ham mutlaqo talabga javob bermas edi.

    Ushbu xastalikka chalinganlar zarur tibbiy xizmat bilan yetarli darajada qamrab olinmagandi.

    Bundan tashqari, ushbu muolajani olishi zarur boʻlgan bemorlar kunora 100-200 kilometr yoʻl bosib, viloyat markaziga borishga majbur boʻlgan.

    Prezidentimizning ushbu sohaga qaratgan eʼtibori tufayli oxirgi 6 yil ichida gemodializ xizmati sifati tubdan oʻzgardi. Natijada 2016-yilda faoliyat koʻrsatgan gemodializ xizmatini koʻrsatuvchi boʻlimlar soni 29 tadan 65 taga yetkazildi. Gemodializ uskunalari miqdori esa 240 tadan 690 taga ortdi.

    2016-yilda viloyat markazlaridan tashqari yurtimizning faqatgina 2 ta tumanida boʻlgan ushbu xizmat 2022-yilga kelib, 23 ta tumanda yoʻlga qoʻyildi.

    Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida 1 100 nafar bemorga gemodializ xizmatini koʻrsatish boʻyicha Hindistonning “Nephrocare Health Services Central Asia” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosidagi bitim imzolandi.

    Unga koʻra joriy yil aprel oyida Nukus shahrida 150 nafar bemorga xizmat koʻrsatuvchi yangi gemodializ klinikasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Yaqinda Xorazm viloyatining Urganch va Bogʻot tumanlarida 250 nafar bemorga xizmat koʻrsatuvchi gemodializ klinikalari ish boshladi. Sentyabr oyidan esa Toshkent shahrida 700 nafar bemorga xizmat koʻrsatuvchi shunday muassasa faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Binobarin, doimiy gemodializ muolajasini olayotgan 4 456 nafar bemor qoʻshimcha 5 turdagi dori vositalari (geparin, eritropoetin, temir preparatlari, V va S guruh vitaminlari) bilan bepul taʼminlanyapti.

    Gemodializ xizmatini rivojlantirish maqsadida Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlar miqdori 8 barobargacha ortdi. Yaʼni, 2016-yilda bu sohaga 18 milliard soʻm yoʻnaltirilgan boʻlsa, 2022-yilda ajratilayotgan mablagʻlar miqdori 145 milliard soʻmga yetdi.

    Kelgusida viloyatlar markazidan 50-100 kilometrgacha uzoqlikda boʻlgan jami 51 ta tumanda (hozir 23 ta) joriy yil yakunigacha gemodializ xizmati yoʻlga qoʻyilib, 528 nafar bemorga oʻzi yashab turgan hududda muolaja olish imkoni yaratiladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.