Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Xalqaro Inson huquqlari kuni arafasida Qozogʻiston Respublikasi Inson huquqlari boʻyicha vakili “BMT - ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlikda gibrid shaklida tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etdi.
“Gender tengligini taʼminlash va ayollar huquqlarini himoya qilishda milliy inson huquqlari institutlarining ishtiroki” mavzusiga bagʻishlangan uchrashuvda Ombudsman institutlari oʻzaro tajriba almashish hamda mavzuga oid xalqaro va mintaqaviy masalalarni hamkorlikda hal etish boʻyicha taklif va tavsiyalar berish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston tarafdan ishtirok etgan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) oʻz soʻzida mamlakatda gender tengligini taʼminlash masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilganiga urgʻu qaratar ekan, amalga oshirilgan islohotlarning amaliy natijasiga toʻxtaldi.
F.Eshmatovaning soʻzlariga koʻra, qabul qilingan yangi tartiblar va amalga oshirilgan islohotlar natijasida yil sayin yuqori lavozimlarda ishlovchi ayollar soni ortib bormoqda. Raqamlarga murojaat qilsak, milliy parlamentdagi ayollar soni (32%) darajaga yetdi - bu koʻrsatkich boʻyicha mamlakat 190 mamlakat orasidan 37-oʻrinni egalladi. Xotin-qizlarning siyosiy partiyalardagi ulushi esa 44 foizga, oliy maʼlumotli xotin qizlar soni - 40 foizga, tadbirkorlik faoliyatida - 35 foizga yetdi. 81 ta vazirlik va idoralarda ilgʻor va bilimli ayollardan iborat 15 mingdan ziyod kadrlar zaxirasi shakllantirildi.
Tadbirda gender tenglik hamda ayollarning siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, davlat va jamiyat ishlaridagi oʻrnini kuchaytirish masalalari boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.