Majlisda Senat Raisi Tanzila Narbayeva, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Oliy Majlis yuqori palatasi masʼul xodimlari, BMTTDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlis ishtirokchilari Oliy Majlis Senati va BMTTDning “Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash orqali tenglikka erishish” qoʻshma loyihasini amalga oshirish yakunlarini, shuningdek, 2023-yilgi ish rejasini muhokama qildi.
Taʼkidlash joizki, loyihaning asosiy maqsadi gender tenglik va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish sohasida tizimli oʻzgarishlarni targʻib qilish, shuningdek, jamiyatda mustahkam oʻrnashib qolgan stereotiplar va meʼyorlarni oʻzgartirishdan iborat.
Senat Raisi T. Narbayeva loyiha bilan hamkorlikda oʻtkazilgan umummilliy tadqiqot u oʻtkazilgan har bir hudud boʻyicha alohida gender stereotiplar va patriarxal munosabatlarning kelib chiqish sabablarini, shuningdek, aholi oʻrtasida kamsitishning turli shakllarini aniqlashga yordam berganini taʼkidladi. Jumladan, birgalikda ishlab chiqilgan tavsiyalarni qoʻllash mintaqaviy, tuman va mahalliy miqyosda yaxlit va tizimli oʻzgarishlarni amalga oshirishga, axborot-maʼrifiy tomondan qoʻllab-quvvatlashga, fuqarolarning masʼuliyatini oshirishga turtki beradi.
Oʻz navbatida M. Dimovska soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston gender tengligi masalalari boʻyicha qatʼiy ijobiy natijalarga erishganini taʼkidladi. Xalqaro miqyosda Oʻzbekistonning bunday ijobiy imiji allaqachon shakllangan va bu umumeʼtirof etilgan haqiqatdir. Shubhasiz, Oʻzbekistonda gender tengligini taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi, bu borada muhim qadam va saʼy-harakatlar amalga oshirilib, tizimli va izchil davom ettirilyapti.
Majlis yakunlari boʻyicha yetakchi ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlar uchun ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoit va imkoniyatlarni yaxshilash, ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish va bunga qarshi kurashish sohasidagi qoʻshma loyiha doirasida 2023-yilga moʻljallangan yillik ish rejasi yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.