Gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi oʻrganildi

    Mamlakatimizda 13 Sentabr 2023 1495

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Kengash aʼzolari 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini muhokama qildilar.

    Joriy yilning birinchi yarim yilligida mazkur Dastur ijrosi boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

    Taʼkidlanganidek, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish, ayollar malakasini oshirish maqsadida olima xotin-qizlar ishtirokida “PhD sari qadam” mavzusida oʻquv kursi, “Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati” taʼlim-almashinuv dasturi yoʻlga qoʻyilgan.

    Inson huquqlari va gender tenglik masalalari boʻyicha rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakaviy salohiyatini kuchaytirish boʻyicha oʻquv kurslari joriy etilgan.

    Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan mehnat jamoalarida zoʻravonlik turlari va ularning oldini olish boʻyicha

    qisqa muddatli seminar-trening tashkil etilib, 2 mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olingan.

    Majlisda senatorlar tomonidan Gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashdagi kamchiliklar tanqidiy muhokama etildi.

    Xususan, zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha reabilitatsiya tadbirlarini oʻz ichiga olgan maxsus dastur ishlab chiqish vazifasi oʻz yakuniga yetkazilmaganligi qayd etildi.

    Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashiga nomzodlar yuzasidan eʼlon qilingan tanlovlarga Milliy kadrlar zaxirasidagi xotin-qizlarning nomzodlarini jalb qilishga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligi tanqid qilindi.

    Shuningdek, senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida, hududlardagi korxona, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha maslahat kengashi organlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish borasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

    Kengash mutasaddi idora va tashkilotlarni 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini

    2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasidagi vazifalarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishi masalalariga masʼuliyat bilan yondashishga chaqirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokamalardan soʻng mazkur masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.