Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi

    Xalqaro hamkorlik 24 May 2023 845

    Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi

    Joriy yil 23-mayda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda gender tenglik va munosib mehnat yoʻllari” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

    Anjumanda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Olga Kulayeva, xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning 100 dan ortiq soha mutaxassislari, ekspertlari, Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda Senat Raisi gender siyosati jamiyat va davlat taraqqiyotining tayanch omiliga aylangani, “Gender va taraqqiyot”, “gender muvozanati”, “xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi oʻrni” kabi tushunchalar davlatimiz dasturiy hujjatlari va har qanday huquqiy hujjatni ishlab chiqishda oʻz ifodasini topayotganini taʼkidlab oʻtdi.

    2030-yilga qadar Oʻzbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni tizimli, muayyan maqsadga yoʻnaltirilgan holda amalga oshirishga imkon yaratyapti. Soʻngi yillarda sohaga oid 40 dan ortiq qonunchilik hujjatlari va muhim konseptual hujjatlar qabul qilindi.

    Mazkur hujjatlar doirasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilishi, ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrnining mustahkamlanishi, ularning taʼlim olishlari, kasb-hunar oʻrganishlari uchun zarur sharoit yaratilganligi, bandligini taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda ayollarning iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish, turli tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish borasida muhim choralar koʻrilayotganligi ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.

    Bugungi kunda sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasida band boʻlgan aholi oʻrtasida xotin-qizlar ulushi 77 foizni, iqtisodiyot va sanoat sohasida 46 foizni tashkil etadi, 2 ming nafarga yaqin xotin-qizlar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yurityapti.

    Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan xotin-qizlar soni 6 barobarga koʻpaydi.

    Shuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh qilinganligi hamda majburiy mehnatga barham berilgani, munosib mehnat prinsiplari doirasida aholining bandligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganligi yuqori baholandi.

    Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda qabul qilingan Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan dastur, mehnat sohasidagi hamda ishlab chiqarish va texnik yoʻnalishlardagi xalqaro standartlarni mamlakat iqtisodiyotiga keng tatbiq etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhim oʻrin tutadi.

    Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha byurosi direktori O.Kulayeva, qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari hamda xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari maʼruza bilan ishtirok etdi.

    Tadbir yakunlari boʻyicha xalqaro konferensiya ishtirokchilarining gender tenglikni taʼminlash, munosib mehnat prinsiplarini keng tatbiq etish boʻyicha tavsiyalari ishlab chiqildi.

    Unda, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda tazyiqlardan himoyalash, xotin-qizlarning taʼlim olishlari tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, ular uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat uchun munosib haq toʻlash va norasmiy bandlikni qisqartirish hamda ushbu yoʻnalishdagi xalqaro standartlarni tatbiq etish ishlarini tizimli davom ettirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.