Gender tenglikni taʼminlashda BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlik kuchaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 5 Mart 2024 1001

    Joriy yil 5-martda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi М.Кадирханова Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning Oʻzbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Fayyad Karman boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Taʼkidlash lozimki, BMTTD bilan hamkorlikda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish borasida qator loyihalar amalga oshirilyapti.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligidagi “Oʻzbekistonning milliy gender strategiyasining amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlash orqali tenglikka erishish” qoʻshma loyihaning amalga oshirilishi holati va hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama etildi.

    Oʻtgan yili Oʻzbekistonda gender tenglik va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishning kelajak istiqbollarini oʻrganish (Foresight) konsepsiyasi ishlab chiqilib, milliy ekspertlar guruhi shakllantirilgani, “Davlat muassasalari uchun gender tenglik nishoni” global dasturini amalga oshirish doirasida Bojxona qoʻmitasi uchun mahorat darslari va soʻrovlar oʻtkazilgani, gender strategiyasini amalga oshirish monitoringi va maqsadli koʻrsatkichlari (subindikatorlar) ishlab chiqilgani aytib oʻtildi.

    Muloqot chogʻida loyihaning 2024-yilgi asosiy yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Unda Milliy yetakchi ayollar platformasi aʼzolarining hamda zaxiradagi yetakchi ayollarning salohiyatini oshirish, siyosiy hayotdagi faolligini kuchaytirish, siyosiy partiyalar va mahalliy Kengashlar vakillarining yetakchilik koʻnikmalarini oshirish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, suhbat chogʻida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirish, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar va xalqaro tadbirlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.