Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “Genom bo'yicha davlat ro'yxatiga olish to'g'risida”gi qonun loyihasi uchinchi o'qishda ko'rib chiqildi.
Bugungi kunda DNK ma'lumotlari, ya'ni, genom axboroti ma'lumotlar bazasi boshqa ilmiy izlanishlarda qo'llanilishi barobarida jinoyatchilikka qarshi kurashishda ham samarali vositaga aylanib bormoqda. Ilg'or texnologiyalarga asoslangan mazkur ma'lumotlar jinoyatlarni fosh etishda yuqori samara keltiradi.
Majlisda deputatlar tomonidan ta'kidlanganidek, genom axboroti ma'lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi fosh etish murakkab, o'ta og'ir bo'lgan yoki muqaddam ochilmagan jinoyatlarni ochishga ko'maklashadi, shuningdek, genom axborotining yagona ma'lumotlar bazasi yaratilishi bedarak yo'qolgan shaxslarni topish imkonini ham beradi.
Parlament quyi palatasining avvalgi majlisida ikkinchi o'qishda moddama-modda muhokama qilingan qonun loyihasining ayrim moddalari, xususan, qonun qabul qilinganidan so'ng uning kuchga kirishi muddati, biologik qarindoshlar va genom bo'yicha davlat ro'yxatiga olish tushunchalari deputatlarning asosli savollariga sabab bo'lgan edi.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi tomonidan siyosiy partiyalar fraktsiyalari a'zolari bildirgan takliflar asosida qonun loyihasi yanada maromiga etkazildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Oliy Majlis Senatiga yuboriladigan bo'ldi.