Gent universitetida oʻzbek tilini oʻqitish imkoniyatlari muhokama qilindi

    Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov Gent universiteti Yozma va ogʻzaki tarjima fakultetining turk boʻlimi vakillari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda yozma va ogʻzaki tarjima fakulteti turk boʻlimi mudiri, professor Yoxan Vandevalle, xodimlar Linda Gezels, Sevdag Kaya va Veronika Xoste ishtirok etishdi.

    Uchrashuvda suhbatdoshlarga Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi atroflicha maʼlumotlar berildi. Mamlakatimizda ustuvor ahamiyat kasb etayotgan taʼlimni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston Prezidenti taklifiga binoan, mamlakatimizda 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb eʼlon qilindi. Taʼkidlanganidek, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida oʻzbek tilining davlat tili maqomini yuksaltirish uchun ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

    Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, Gent universiteti Belgiyadagi uchta eng yirik universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitet Flandriyadagi tarixiy Gent shahrida joylashgan. Mazkur oliy taʼlim muassasasida 38 mingga yaqin talaba tahsil oladi va 7 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Gent universiteti 1817-yil 9-oktyabrda tashkil etilgan. Belgiya va dunyoning eng yaxshi universitetlari qatorida eʼtirof etiladi.

    Gent universiteti vakillari Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari bilan tilshunoslik, madaniyat va sanʼat yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

    Xususan, Belgiya universiteti professor-oʻqituvchilarining oʻzbek xalqi tarixi, madaniyati, sanʼati, anʼanalari, shuningdek, milliy tiliga qiziqishi ortib borayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish oʻzbek xalqining boy tarixi va Buyuk Ipak yoʻlidagi markaziy oʻrni bilan izohlandi.

    Shu munosabat bilan, Gent universiteti va Oʻzbekiston tomoni oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik shakllaridan biri Gent universitetining sanʼat va falsafa fakulteti Ijtimoiy fanlar akademiyasi bilan birgalikda “Ipak yoʻli boʻylab madaniy va tillar uchrashuvlari” loyihasini amalga oshirish boʻlishi mumkin.

    Loyiha doirasida madaniyat va taʼlim sohasida Oʻzbekiston madaniyati hamda oʻzbek tiliga bagʻishlangan maʼruzalar, kurslar, mahorat saboqlari, seminarlar, vebinarlar, musiqiy dasturlar, koʻrgazmalar kabi turli tadbirlarni tashkil etish koʻzda tutilgan.