Geologiya-qidiruv zaxiralarni oʻstirishda muhim bosqich

    “Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy faoliyat turlaridan biri geologiya-qidiruv ishlarini olib borish orqali yangi istiqbolli uran konlarini izlab topish va zaxiralarni oshirishdan iborat.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 297-sonli qaroriga muvofiq 2024-yil uchun “Uran mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturi” tasdiqlangan.

    Geologiya-qidiruv ishlari orqali Bukantogʻ va Tomditogʻ togʻlarining yon bagʻirlaridagi uranga istiqbolli hududlarini oʻrganish, shuningdek, bashorat-tematik loyihalar doirasida olib boriladigan ishlar yangi istiqbolli maydonlarni aniqlashga qaratilgan.
    Korxona tasarrufidagi “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi va uning “Nurota” (Zafarobod, Konimex, Tomdi), “Bukantau” (Uchquduq, Tomdi, Zarafshon), “Zirabuloq” (Nurobod, Ziyovuddin) geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi va Geologiya-qidiruv partiya (Zafarobod, Konimex, Tomdi) lariga ushbu vazifa yuklatilgan.

    Hozirda ushbu ekspeditsiya geolog va mutaxassislari tomonidan hududlarda geologiya-qidiruv ishlari uchun burgʻilash olib borilmoqda.

    Xususan, joriy yilda “Bukantau” GQE tomonidan Uchquduq tumanida joylashgan Uchquduq, Ziyokon, Mingboy, Maylisay, Tomdi tumanida joylashgan Qizilqoq, Auminza, Toshqoʻra, Mullali, Nurafshon, Jasaga va Oqberdi dala maydonlarida burgʻilash ishlari amalga oshirilmoqda.

    Buning samarasida GQEda bashorat resurslari va uran zaxiralarini oʻstirish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda 3 ta yangi maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari olib borish koʻzda tutilgan.

    Ayni paytda ekspeditsiyada 10 ta burgʻilash qurilmalari mavjud. Ular yordamida oʻtgan 2023-yilda 203 ming pogona metr burgʻilash ishlari bajarilgan boʻlsa, bu koʻrsatkichni joriy yil yakunigacha 270 ming pogona metrga yetkazish rejalashtirilgan. “Bukantau“ GQEda mehnat faoliyatini olib borayotgan 300 nafarga yaqin muhandis-texnik xodimlar, geolog va burgʻilovchilar ushbu vazifani oʻz muddatida amalga oshirish uchun sidqidildan mehnat qilishmoqda.


    “Navoiyuran“ DK axborot xizmati


    Reklama