Olim Berlin shahridagi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi arxivida bo‘lib, ushbu muassasada o‘zbek xalqi va davlatchiligi, shuningdek Turon–Turkiston tarixiga oid manbalar mavjudligi bilan qiziqdi.
Ma’lum qilinishicha, arxiv rahbariyati Tarix institutining mazkur yo‘nalishdagi izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, tadqiqotchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, arxivda saqlanayotgan qator qimmatli va noyob hujjatlar bilan tanishtirilgan.
Aniqlangan manbalar orasida o‘tgan asrning 20-yillarida yurtimizdan Germaniya oliy ta’lim muassasalariga o‘qish uchun yuborilgan yoshlarga oid materiallar ham bor. Shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Germaniyada tashkil etilgan madaniy komissiya faoliyati, Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati tarixi hamda jadid ma’rifatparvari Xayriniso Majidxonovaga doir hujjatlar topilgan.
Mazkur manbalar O‘zbekistonning XX asr boshlaridagi ta’lim siyosati, xalqaro aloqalari va milliy ziyolilar tarixi bo‘yicha yangi ma’lumotlarni ilmiy muomalaga kiritish imkonini beradi.