«Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi vakillari bilan «Taraqqiyot strategiyasi» markazida uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Joriy yilning 30-aprel kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida shu kunlarda mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Germaniya Bundestagidagi «Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi raisining oʻrinbosari Manfred Grund boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov Germaniya Bundestagi deputatlariga Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki, bevosita Markaz faoliyati, shuningdek, «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida maʼlumot berdi.

    Shuningdek, Markaz rahbari aholini mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan uzoq yillik muhim strategik hujjatlar va siyosiy jarayonlardagi faol ishtirokini taʼminlash, ularning bu boradagi taklif va fikr-mulohazalarini tizimli oʻrganib borish mexanizmlari boʻyicha soʻz yuritdi.

    Oʻz navbatida Germaniya tomoni Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlar va ijobiy oʻzgarishlarni eʼtirof etib, hamkor sifatida bu yoʻlda Oʻzbekistonni hamisha qoʻllab-quvvatlashini mamnuniyat bilan maʼlum qilishdi. Shuningdek, delegatsiya aʼzolari islohotlar jarayoniga fuqarolarni faol jalb qilish va aholining turli qatlamlarini qamrab olish borasidagi Germaniya tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

    Uchrashuv yakunida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda Germaniya Bundestagidagi «Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.