Germaniya bilan ekologiya sohasidagi hamkorlik mustahkamlanadi

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Tilo Klinner oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha strategik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Jumladan, Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi, shishani qayta ishlash innovatsion tizimini joriy etish boʻyicha investitsiya loyihasi, qayta ishlash zavodi qurish, shuningdek, Milliy iqlim markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan masalalar muhokamalar markazida boʻldi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston tomoni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University)da nemis tili oʻquv dasturlarini joriy etish, talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish va Germaniya universitetlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida kelgusida aniq loyiha va tashabbuslar uchun asos boʻladigan hamkorlik memorandumini ishlab chiqish boʻyicha kelishib olindi. Qayd etish joizki, kelgusida asosiy eʼtibor ekologik taʼlimni rivojlantirish, ilgʻor tajriba va texnologiyalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash kabi jihatlarga qaratiladi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim vazirligi matbuot xizmati.