Germaniya bilan savdo – iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlar yanada kengayadi

    Xalqaro hamkorlik 15 Sentabr 2023 1580

    Germaniya Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi aʼzosi doktor Folker Trayer boshchiligidagi Germaniya delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida joriy yil 14-sentyabrda Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni”ga bagʻishlab, Oʻzbekiston-Germaniya oʻrtasidagi savdo- iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga doir bir qator tadbirlar boʻlib oʻtdi.

    Tadbirlarga boy dastur davra suhbati bilan boshlandi. Ushbu tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlik masalalari va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

    Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Abidov, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Jamshed Urakov, Germaniya Savdo-sanoat palatasi tashqi savdo boʻyicha bosh ijrochi direktori, boshqaruvi kengash aʼzosi Folker Trayer, Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligining tashqi savdoni moliyalashtirish va rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Gerlind Xekman, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Murod Mirzayev va Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tilo Klinner kirish soʻzi bilan ochdi.

    Oʻz qutlov nutqida spikerlar Oʻzbekiston Germaniyani Yevropa Ittifoqining strategik hamkori deb bilishi hamda bugungi kunda ikkala tomon ham oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirayotganligini taʼkidladilar. Shu bilan birga, yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

    Maʼlumot uchun: soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekistonga kiritilgan Germaniya investitsiyalarining umumiy hajmi qariyb 2 milliard yevroni tashkil etdi. Shuningdek, hozirgi paytda Germaniya hamkorlari bilan birga qiymati 100 milliarddan ortiq boʻlgan 10 dan koʻproq qoʻshma loyihalar amalga oshirilyapti.

    Soʻnggi 6 yil ichida Oʻzbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni qariyb 3 barobar oʻsdi va bugungi kunda bu koʻrsatkich 200 taga etdi. Joriy yilning 6 oyi davomida 17 ta qoʻshma korxona ishga tushirildi.

    Davra suhbatidan soʻng B2G formatidagi uchrashuvlar va “Oʻzbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni 2023” konferensiyasi tashkil etildi.

    Konferensiyada Germaniya va Oʻzbekiston biznes hamjamiyatining 300dan ortiq vakillari, investorlar, shuningdek, Oʻzbekiston vazirliklari va idoralari rahbarlari va mutaxassislari qatnashdi.

    Konferensiya dasturiga “Oʻzbekistonda nemis dual taʼlim tizimi: imkoniyatlar va istiqbollar” va “Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi energetika sohasini oʻzgartirish borasida hamkorlik” mavzularidagi panel munozaralari kiritildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Konferensiya ishtirokchilari taʼkidlashicha bu kabi yirik xalqaro tadbirlar ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirish, ikki tomonlama savdoni rivojlantirish, qoʻshma investitsiya loyihalari va tashabbuslarini ilgari surish istiqbollari va imkoniyatlarini aniqlash, umuman, har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.