Uchrashuvda poytaxt hokimi Sh. Umurzakov va boshqa masʼullar ishtirok etdilar.
Sh. Umurzakov ushbu uchrashuvni Germaniya Bosh kansleri Olaf Sholsning yaqinda Oʻzbekistonga boʻlib oʻtgan tashrifining mantiqiy davomi deb, oʻzaro koʻp taraflama hamkorlikning rivojini taʼkidladi. Soʻnggi yillarda davlatlarimiz rahbarlari yoʻlga qoʻygan samarali muloqot ikki tomon hamkorligini rivojlantirishga turtki boʻlganini aytib oʻtdi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hamda investitsiyalar hajmi oʻsib borayotgani, mamlakatlarimiz ishbilarmonlari oʻrtasida oʻzaro “koʻprik” yaratish maqsadida, “Oʻzbekiston-Germaniya Ishbilarmonlar kengashi” faoliyati jadal yoʻlga qoʻyilgani, yurtimizda Germaniya “dual taʼlim” tizimini yoʻlga qoʻyish va davlat boshqaruvi kadrlarini qayta tayyorlash sohalarida ham faol hamkorlik davom etayotgani quvonarli ekanligini aytdi hamda Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan va koʻzda tutilgan muhim loyihalar, xususan, “aqlli shahar” konsepsiyasi xususida toʻxtalib oʻtdi.
Senator Felor Badenberg samimiy va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, Toshkent shahrining rivojlanishi, koʻrkamligi hayratlanarli darajada ekanligini aytdi. Oʻzbekistonning iqtisodiyot, siyosat, sanoat, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalardagi yuksak salohiyatini eʼtirof etib, oʻzaro hamkorlik istiqbollari haqida soʻz yuritdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunida har ikki taraf ushbu uchrashuvni rasmiy tadbir emas, balki doʻstona munosabatlar va muloqotni rivojlantirishdagi yangi bosqich deb atadi.