Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar, shuningdek, Germaniya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar Kengashining 6-yigʻilishi yakunlari yuzasidan qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” muhokama etildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Germaniya bozoriga keng turdagi sifatli va raqobatbardosh Oʻzbekiston mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish, Germaniyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etgan holda qoʻshma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda nemis taʼlim uslublari va standartlaridan foydalangan holda kadrlar malakasini oshirish markazlarini tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Germaniya tomoni ishbilarmon doiralar vakillarining oʻzaro safarlari yuqori samaradorlikni qayd etib, 2023-yilda respublikaning turli sohalari vakillari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Germaniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekistonda biznes-forum tashkil etishni taklif qildi.

Suhbat yakunida ikki davlat oʻrtasida imzolangan barcha iqtisodiy hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi va Germaniya elchixonasi oʻrtasida muntazam muloqot oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.