Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar, shuningdek, Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar Kengashining 6-yig‘ilishi yakunlari yuzasidan qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Germaniya bozoriga keng turdagi sifatli va raqobatbardosh O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish, Germaniyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etgan holda qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda nemis ta’lim uslublari va standartlaridan foydalangan holda kadrlar malakasini oshirish markazlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Germaniya tomoni ishbilarmon doiralar vakillarining o‘zaro safarlari yuqori samaradorlikni qayd etib, 2023 yilda respublikaning turli sohalari vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Germaniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda biznes-forum tashkil etishni taklif qildi.
Suhbat yakunida ikki davlat o‘rtasida imzolangan barcha iqtisodiy hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi va Germaniya elchixonasi o‘rtasida muntazam muloqot o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.