Germaniya kompaniyalari Fargʻonaga katta qiziqish bildirdi

    Xalqaro hamkorlik 26 Oktabr 2021 1076

    Fargʻona viloyat hokimining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev Germaniyaning “AV Consulting” kompaniyasi vakili Andreas Vorig boshchiligidagi ishbilarmonlar bilan uchrashdi.

    Unda “ABM-technik”, “Vitronic”, “Tatweer”, “Gühring” kompaniyalarining Oʻzbekistondagi vakillari ham qatnashdi.

    Samimiy uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirgan Andreas Vorig, “AV Consulting” kompaniyasi Yevropa davlatlari va Turkiyada samarali faoliyat olib borayotganligi, tadbirkorlar tomonidan mahsulotlar, jihozlar sotib olinayotganda moliyaviy masalalarda toʻgʻri qarorlar qabul qilishlariga koʻmak koʻrsatib kelinayotganligi haqida aytib oʻtdi. Xususan, Fargʻonada ham obodonlashtirish yoʻnalishida zamonaviy texnikalar xarid qilish va sotib olingan texnikalarga xizmat koʻrsatishda yordam berish niyatida ekanliklarini maʼlum qildi.

    “ABM-technik” kompaniyasi vakili esa temir va plastmassani qayta ishlovchi uskunalar sotib olinishida, ularning oʻrnatilishida, mazkur jihozlarga servis xizmatni amalga oshirishda oʻz takliflarini ilgari surdi. Mehmonlar arzon narx va yaxshi sifat uchun harakat qilishlarini, mahsulotlarni mahalliylashtirishga, toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy kreditlardan foydalanishga koʻmak koʻrsatishlarini taʼkidladi.

    Oʻz navbatida Iqboljon Ergashev Germaniya bilan aloqalar soʻnggi yillarda mustahkamlanib borayotganligiga, germaniyalik investorlar tomonidan viloyatga katta qiziqish bildirilayotganligiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi.

    Shuningdek, kundan kun obod va koʻrkam boʻlib borayotgan Fargʻonani yanada obodonlashtirish yoʻnalishida germaniyalik kompaniyalar, investorlar bilan hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.

    Ushbu hamkorlik doirasida noyabr oyida Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasida germaniyalik va fargʻonalik tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv tashkil etiladi. 2022-yil fevral oyida esa viloyat delegatsiyasi Germaniyaga amaliy tashrif bilan boradi. Tomonlarning taklif va loyihalari oʻrganib chiqilib, oʻzaro kelishilgan holda shartnomalar imzolanishi uchrashuvda maʼlum qilindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.