Germaniya kompaniyasi oʻz tarkibiga Oʻzbekistondagi past uglerodli tosh mineral paxta ishlab chiqarish biznesini qoʻshib oladi

    Sanoat 21 Oktabr 2024 549

    “KNAUF” va “Texnopark” kompaniyalari Toshkent shahrida past uglerodli tosh mineral paxta ishlab chiqarish boʻyicha strategik hamkorlik kelishuviga erishganini eʼlon qildi.

    Ushbu kelishuv doirasida “KNAUF” ishlab chiqarish boshqaruvini oʻz zimmasiga olyapti va zavoddagi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirishni maqsad qilgan.

    Zavod elektr energiyasi yordamida eritish texnologiyasi asosida faoliyat yuritib, past uglerodli (SO2) chiqindilar bilan energiya samarador materiallarni ishlab chiqaradi. 2022-yil oxirida ishga tushirilgan bu zavod Markaziy Osiyodagi barqaror qurilish bozorining talablariga javob beradigan zamonaviy energiya tejamkor izolyatsiya materiallari ishlab chiqaradi.

    – Bu kelishuv bizga Markaziy Osiyoda izolyatsiya materiallari ishlab chiqarishni salmoqli darajada kengaytirish imkonini beradi, – dedi “KNAUF” guruhining bosh hamkori Aleksandr Knauf. – Markaziy Osiyodagi tez rivojlanayotgan qurilish bozori va energiya samaradorligiga boʻlgan yuqori talab bizdan innovatsion va energiya tejamkor yechimlarni talab qiladi. “KNAUF”ning xalqaro tajribasidan foydalangan holda, biz mijozlarimizga yuqori sifatli va qulay izolyatsiya yechimlarini taqdim etishda oʻz yetakchiligimizni mustahkamlaymiz.

    – Oʻzbekistondagi islohotlar va jadal taraqqiyot jarayoni mamlakatdagi investitsiya muhitini yaxshilab, barqaror rivojlanish va aholi farovonligini oshirish uchun qulay sharoit yaratyapti. Bu esa bizning mintaqaga boʻlgan ishonchimizni mustahkamlaydi va kelgusida yangi investitsiya tashabbuslarini amalga oshirishga tayyorligimizni koʻrsatadi, – dedi guruh bosh hamkori Uve Knotser.

    “KNAUF Gruop” boshqaruvi aʼzosi, “KNAUF Insulation” yoʻnalishining Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo boʻyicha bosh direktori Dominik Bossanning fikricha, ushbu bitim kompaniyaning tejamkor energiya, sifat va ekologik tozalik ustuvor jihatlar hisoblangan istiqbolli binolarni qurish kabi uzoq muddatli strategik maqsadining roʻyobga chiqarilishiga zamin yaratadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “KNAUF Group” 1932-yilda tashkil etilgan xalqaro oilaviy kompaniya boʻlib, bosh qarorgohi Germaniyaning Inhofen shahrida joylashgan. U dunyodagi yetakchi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilaridan biri sanaladi. Kompaniya 90 dan ortiq davlatda 300 dan ziyod ishlab chiqarish va savdo obyektlariga ega. Shuningdek, u gips mahsulotlari, energiya tejamkor izolyatsiya va toʻliq izolyatsion tizimlar sohasidagi yetakchi ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. 2023-yilda “KNAUF” guruhining savdo hajmi 15,6 milliard yevroga yetdi va unda 42 ming 500 nafardan ortiq xodim faoliyat koʻrsatadi.