Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi koʻmagida mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Golden dried fruits” kompaniyasi va Germaniyaning “Lemberg Lebensmittel GmbH” savdo tarmogʻi oʻrtasida yangi uzilgan pomidor yetkazib berish boʻyicha shartnoma tuzilgan edi.
Germaniya qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bozori bugungi kunda Yevropadagi eng yirik bozor hisoblanadi. Mamlakatda har yili taxminan 18 milliard dollar miqdorida meva-sabzavot sotiladi.
Oʻzbekiston Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil 1-sentyabr holatiga koʻra, mamlakatimiz korxonalari Germaniyaga umumiy qiymati 5,4 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib bergan, bu oʻtgan yilning aynan shu davriga nisbatan 16 foizga koʻp demakdir, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“Golden dried fruits” agrar xoldingi rahbari Saidvali Nasriddinovning fikricha, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini uzoq yillar mobaynida MDH mamlakatlariga eksport qilgan. Mazkur kompaniya savdo-sotiq geografiyasini kengaytirishga hissa qoʻshish maqsadida oʻz mahsulotlarini Yevropa davlatlari, xususan, Germaniyaga eksport qilishni boshlashga qaror qildi.
Bu jarayonda dastavval nemis bozoridagi yangi uzilgan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, pomidorga boʻlgan talabni oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazildi.
- Ushbu jarayonda mahsulot sifati va taʼmiga eʼtibor qaratildi va MDH mamlakatlaridagi isteʼmolchilarga eng zoʻr mahsulot sifatida tanilgan «Pink paradays» pomidor navi bilan Germaniya bozoriga kirishga qaror qilindi. “Global G.A.P.” va “ISO 22.000” xalqaro sifat sertifikatlarini olgandan soʻng, mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi koʻmagida nemis savdo tarmoqlari bilan aloqa oʻrnatildi va shartnoma tuzildi, - deydi xolding rahbari.
Ayni paytda “Golden dried fruits” Germaniyaning boshqa yirik chakana savdo tarmoqlari bilan mahsulotlar eksport qilish va ularning nomenklaturasini kengaytirish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Xususan, namuna sifatida anor va xurmo taqdim etildi.
Oʻz navbatida, “Ledo” savdo tarmogʻi filiali ish boshqaruvchisi Aleksandr Valgerning taʼkidlashicha, nemis xaridorlari “Ledo”da butun dunyoda, jumladan, Oʻzbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarni topishi mumkin. Bugun mazkur tarmoq oʻz rastalarida Oʻzbekistondan keltirilgan mahsulotlar turini tobora kengaytirmoqda.
- Oʻzbek qovuni, uzumi, oʻrigi va pomidori juda mazali. Bir kun oldin biz doʻkonlarda sotila boshlangan pomidorlarning birinchi joʻnatmasini oldik. Shuningdek, anor va xurmo namunalari ham yetib keldi. Ishonchim komilki, tez orada ushbu turdagi mahsulotlar tarmogʻimizda sotila boshlanadi va oʻziga xos taʼmi bilan xaridorlarimizni quvontiradi», - dedi u.