Keln shahri politsiyasi maʼlumotiga koʻra, taxminan 350-yil oldin yaratilgan ikkita rasm Germaniyaning 64 yoshli fuqarosi tomonidan chiqindi qutisidan topilgan.

Fuqaro art-buyumlarni topib olganidan soʻng, ularni qadoqlab, politsiyaga topshiradi. Politsiya bu suratlar qanday qilib tashlandiq holga kelganini aniqlashga urinmoqda.

“Mutaxassisning dastlabki taxminlariga koʻra, ikkala surat ham asl nusxa boʻlishi mumkin”, — deyiladi politsiya xabarida.

Taxminlarga koʻra, “Bola portreti” deb nomlangan bitta rasm Rembrandtning shogirdi, 1627-1678-yillarda yashagan gollandiyalik rassom Samyuela van Xogstraten qalamiga tegishli boʻlishi mumkin. Ikkinchi “Kulib turgan odam avtoportreti” esa ehtimol XVII - asrda venetsiyalik rassom Pyetro Bellotti tomonidan chizilgan.

Avvallari Germaniyada tez-tez yoʻqolgan nodir sanʼat asarlari topilardi. Mamlakat gʻarbidagi Dyusseldorf aeroportida axlat qutisidan topilgan bu asarlar ham noyob sanʼat durdonalari boʻlib, qiymati 280 ming yevroni tashkil etadi.