Ushbu qaror Germaniya kantsleri Angela Merkel va federal davlatlar rahbarlari o'rtasida o'tgan yakshanba kuni bo'lib o'tgan muzokaralar paytida qabul qilingan. Yangi chora-tadbirlar mamlakatda koronavirus keng tarqalish xavfining doimiy yuqori darajasi bilan bog'liq.
Hokimiyat 16-dekabrdan 10-yanvargacha butun mamlakat bo'ylab cheklovni joriy etishga kelishib oldi. Oktyabr` oyi oxirida qabul qilingan karantin to'g'risidagi qaror kutilgan natijani bermadi — garchi kasallik yuqtirganlar sonining keskin ko'payishiga yo'l qo'yilmasa ham, yangi bemorlar soni muttasil yuqori bo'lib qolmoqda, kasalxonalarda intensiv terapiya bo'limlari to'lgan, ayrim mintaqalarda sog'liqni saqlash tizimi qulashga yaqin turibdi.
16 dekabrdan boshlab Germaniyada oziq-ovqat, kichik jihozlar do'konlari, dorixonalar, optikalar, banklar, gazeta kioskalari, pochta bo'limlari, tibbiyot muassasalari, bozorlardan tashqari hamma narsa yopiq bo'ladi. Pirotexnika vositalarini sotish taqiqlanadi, aholini bayram kunlari pirotexnika vositalaridan voz kechishga chaqiriladi.
Ko'chada spirtli ichimliklarni sotish taqiqlanadi. Maktab o'quvchilari ta'tilga chiqadi yoki masofaviy o'qishga o'tiladi. Uchrashuvga besh kishidan ko'p bo'lmagan guruhlarda ruxsat beriladi.
Germaniya prezidenti Frank-Val`ter Shtaynmayer 14-dekabr, dushanba kuni televidenie orqali fuqarolarga murojaatida qabul qilingan choralarni “radikal” deb atadi. Davlat rahbari “Germaniya tarixida jamoat va shaxsiy hayot har qachongidan ham qattiqroq cheklanadi” deb qo'shimcha qildi. Ushbu chora-tadbirlarning maqsadi “koronavirus bilan kasallangan odamlar sonini tezroq kamaytirish, so'ngra, past darajada ushlab turish, dedi” Shtaynmayer.
Ushbu choralarga rioya etilishi politsiya va shahar ichki ishlar idoralari tomonidan nazorat qilinadi. Sanitariya-gigiena qoidalarini buzganlik uchun jarimalar, shuningdek yig'ilishlarga oid qoidalar Germaniyada yil boshida joriy qilingan. Ular joy va shahar darajasida tartibga solinadi. Masalan, Berlinda jamoat transportida himoya niqobisiz sayohat qilish 50 evro jarimaga sabab bo'ladi. Pandemiyaning poytaxtda tarqalish darajasi yuqori bo'lganligi sababli, rasmiylar 16-dekabrdan boshlab fuqarolarning harakatlanishini yana cheklashdi — siz uydan faqat xarid qilish, shifokorga borish, ishga borish va sport bilan shug'ullanish uchun chiqishingiz mumkin, xolos.