Gyermaniyada “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi taqdimoti oʻtkazildi

    Madaniyat 23 Sentabr 2020 2874

    Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasida “Nihol” oʻzbek-olmon ilmiy-madaniy jamiyati hamda “Davra” oʻzbek-olmon madaniy jamiyati vakillari ishtirokida yangidan nashrdan chiqarilgan 5 jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Taqdimotda elchi Nabijon Qosimov bugungi kunda mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatida nufuzi hamda mavqeini oshirishga, uni siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidladi.

    Tadbirda oʻzbek tili bugun nafaqat Oʻzbekistonda, balki koʻplab xorijiy davlatlarda, jumladan, Berlindagi Gumbold nomli universitetida ham oʻrgatilayotgani aytildi. Pandemiya sharoitida cheklovlar sababli Gumbold nomli universitetga mazkur lugʻat toʻplamini taqdim etish yaqin kunlarda amalga oshirilishi maʼlum qilindi.

    Uchrashuv doirasida Oʻzbekistonning ilmiy va madaniy salohiyati Germaniyada keng targʻib etilib, ushbu yoʻnalishlarda ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishda faol ishtirok etib kelayotgan “Nihol” oʻzbek-olmon ilmiy-madaniy jamiyatiga besh jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” taqdim etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Germaniyada ishlab, ijod qilib kelayotgan vatandoshlarimiz “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” oʻzbek tilini rivojlantirishda, shuningdek, chet elda yashayotgan vatandoshlar farzandlarining ona tili haqidagi bilimlarini boyitishda muhim manba hisoblanishini, ayni paytda ushbu lugʻat Germaniyadagi nemis olimlari uchun ham foydali ekanligini taʼkidladilar.

    — Xususan, hozirgi paytda Gumbold nomli universitetning Markaziy Osiyo boʻlimida talabalarga oʻzbek tilidan saboq berayotgan professor Ingeborg Baldauf uchun bu ajoyib tuhfa boʻladi, — deydi Berlindagi Gumbold nomli universiteti dotsenti Ahmad Hamidov.

    Potsdam shahridagi Geotadqiqotlar markazi ilmiy xodimi Abror Gʻafurovning fikricha, 5 jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning taqdim etilishi albatta, butun Oʻzbekiston va oʻzbek xalqi uchun juda muhimdir. Ushbu manba nihoyatda foydali boʻlib, yosh avlodning oʻzbek tilini oʻrganishiga katta yordam beradi. Taqdim etilgan lugʻatlar Germaniyadagi “Nihol” oʻzbek-olmon ilmiy-madaniy jamiyati tomonidan tashkil etilgan va bunda oʻzbek yoshlari, vatandoshlarimiz farzandlari tahsil olayotgan oʻzbek tili kurslari samaradorligini taʼminlash imkonini beradi.