Germaniyadan Samarqandga toʻgʻridan-toʻgʻri charter reyslar yoʻlga qoʻyilishi mumkin

    Turizm 21 Noyabr 2022 938

    Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Germaniya turistik assotsiatsiyasi (DTV – Deutscher Tourismusverband) prezidenti Norbert Fiyebig boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarini qabul qildi.

    Delegatsiya tashrifi Turizm va madaniy meros vazirligi, Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi va “Silk Road Samarkand ” xalqaro turistik markazi hamkorligida tashkil etildi.

    Maʼlumot uchun, Germaniya turistik assotsiatsiyasi (DTV) 1950-yil 10-avgustda Frankfurt-na-Maynda Germaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi sifatida tashkil etilgan. DTV – Germaniyaning turizm sohasidagi yetakchi tashkiloti boʻlib, turizm sohasida mamlakatning 90 foizini qamrab oluvchi 10 mingdan ziyod aʼzolarni oʻz ichiga oladi, jumladan, turistik kompaniyalar, mehmonxonalar, aviakompaniya va transport kompaniyalari uning aʼzosi yoki hamkori hisoblanadi.

    Vazirlikdagi uchrashuvda Oʻzbekistonning turistik salohiyatini Yevropada keng targʻib etish va yevropalik sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida “Destination Forum” (“DTV” ga aʼzo eng yirik va salohiyatli turistik tashkilotlarning turistik forumi) loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama etildi. Shuningdek, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini katta tajribaga ega boʻlgan “DTV” assotsiatsiyasining marketing resurslaridan foydalangan holda keng targʻib etish, Oʻzbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri ekanligini dunyoga koʻrsatish, Germaniyadan Samarqand shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri charter reyslarni yoʻlga qoʻyish, birgalikda “Uzbekistan” turistik brendini Yevropaga olib chiqish, yurtimizga DTV tarkibiga kiruvchi eng yirik va eng salohiyatli turistik tashkilotlar hamda turistik operatorlar tashrifini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

    Uchrashuv yakunida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda DTV oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan barcha masalalarni amalga oshirish maqsadida oʻzaro media reja loyihasi ishlab chiqish, shuningdek, 2023-yil aprel oyida “Destination Forum” loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

    Muzokaralardan soʻng xorijiy delegatsiya aʼzolari yurtimizning Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrining tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurib, yangi barpo etilgan turistik obyektlar va turistik infrastruktura bilan yaqindan tanishdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.