Germaniyaga ishga yuborishni vaʼda qilib fuqarolardan 18 ming dollar olgan shaxslar ushlandi

    Ular 9 nafar fuqaro bilan soxta shartnomalar tuzib, ulardan jami 12 500 AQSH dollari va 73,2 mln soʻm (taxminan 5830 dollar) pullarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

    Germaniyaga ishga yuborish haqidagi eʼlonlar orqali fuqarolarni jalb qilib, ularning pullarini qoʻlga kiritgan shaxslar ushlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xabar bermoqda.

    Ushbu holat Departamentning Yunusobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.

    Qayd etilishicha, “F.A.” MCHJ rahbari J.B. va menejeri A.A. (muqaddam sudlanganlar) fuqarolarni goʻyoki Germaniya davlatiga ishga yuborishi haqida internet ijtimoiy tarmoqlariga eʼlonlar joylashtirgan. Ushbu eʼlon boʻyicha murojaat qilgan 9 nafar fuqaro bilan soxta shartnomalar tuzib, ulardan jami 12 500 AQSH dollari va 73,2 mln soʻm (taxminan 5830 dollar) pullarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.