Germaniyalik oʻquvchilar Buxoro shahridagi 4-IDUMda taʼlim olyapti

    Ta'lim 12 Oktabr 2023 1646

    Buxoro shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi 1956-yilda tashkil etilgan boʻlib, 1960-yildan buyon u yerda nemis tili chuqur oʻqitilib kelinadi. 2000-yildan beri maktab Germaniya bilan hamkorlikda qator madaniy va taʼlim loyihalarini amalga oshirib kelyapti.

    2000-2003-yillarda Bonn shahridagi Betxoven gimnaziyasi bilan “Oʻquvchilar almashtirish” loyihasi amalga oshirilgan. Ikki davlat madaniyati, urf-odatlari, taʼlim tizimi bilan yaqindan tanishish maqsadiga yoʻnaltirilgan mazkur loyiha doirasida 100 dan ortiq oʻquvchilar Bonn shahrida boʻlib, tengdoshlari oilalarida yashab, nemis tilida muloqot qildi va nemis madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.

    2003-2005-yillarda Bonn shahrining Emili Hayermann maktabi bilan “Elektr energiyasini iqtisod qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” loyihasi doirasida hamkorlik olib borildi. Bunda har ikki maktab oʻquvchilarida tabiatga ehtiyotkorona munosabat, elektr, suv, gaz kabi neʼmatlardan oʻrinli foydalanish, ularni tejab ishlatish kabi koʻnikmalar shakllantirildi. Natijada maktab oʻquvchilari 2010-yilda Xitoyda oʻtkazilgan “Energiyani iqtisod qilish 50/50” EKSPO xalqaro koʻrgazmasida oʻz loyihalari taqdimoti bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Loyiha boʻyicha olib borilgan ishlar Yevropa Ittifoqi tashkiloti tomonidan oʻrganilib, ijobiy deb topildi va maktab Yevropa davlatlari maktablari qatorida xalqaro “Kelajak maktablari-21”, yaʼni 21 asrning ilgʻor maktablari sirasiga kiritildi.

    2018-yilda maktab “PASCH -hamkor maktablar” loyihasi tarkibiga kiritildi. Mazkur loyiha davomida olib borilgan samarali ishlar natijasida 2019-yildan hozirga qadar maktab oʻquvchilarining 60 nafardan oshigʻi xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritdi.

    Shuningdek, loyihaning faol ishtirokchilaridan boʻlgan oʻquvchilar H. Radjabovning “Ekologiya” mavzusida olib borgan targʻibot ishlari “Federsammer” majmuasiga (Germaniyada chiqadigan) kiritildi, N. Navroʻzova, M. Baffoyevlar esa “Buxoro yahudiylari” nomli hujjatli filmni suratga olib, muvaffaqiyatli taqdimot qildi. Bu jarayonlar Germaniyada chiqadigan “Vitamin.de” yoshlar jurnalida yoritildi. Iqtidorli oʻquvchilardan yana biri – Sabrina Sayfullayeva loyiha doirasida 2020-yil Berlin shahrida oʻtkazilgan Wannseye – yoshlar forumida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. PASCH loyihasida faol ishtirok etgan 3 nafar oʻquvchi yoz oyida Germaniyaning Pfortshaym shahridagi yozgi lagerda dam olib qaytdi.

    Nemis tilini chuqur oʻrganayotgan oʻquvchilar bugun fan olimpiadalari va xalqaro tanlovlarda ham faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etib kelyapti.

    Mazkur taʼlim muassasasi Germaniya shaharlari bilan anʼanaviy hamkorlik loyihasini davom ettiryapti. Navbatdagi “Oʻquvchilar almashtirish” loyihasi qadimiy Axen gimnaziyasi hamkorligida amalga oshirilib, ayni paytda gimnaziyaning 14 nafar oʻquvchisi va 4 nafar oʻqituvchisi Buxoroda boʻlib turibdi.

    Loyiha doirasida oʻquvchilar maktabdagi tengdoshlarining oilalarida yashab, tengdoshlari bilan birga maktabda taʼlim oladi. Shuningdek, Buxoroning qadimiy goʻshalari boʻylab sayohatda boʻladi, milliy anʼanalarimiz, urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishishadi.

    Buxoro viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati.