Germaniyaning Tuproqshunoslik instituti direktori Georg Guggenberger boshchiligidagi delegatsiya O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markaziga amaliyot o'tagani tashrif buyurdi.
Talabalar amaliyotning birinchi kunida Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyasi instituti faoliyati bilan tanishdi.
Amaliy uchrashuvlar davomida suv resurslari va tuproqlarni barqaror hamda kompleks boshqarish bo'yicha fikr almashildi. Shuningdek, qo'shma tadqiqotlarni amalga oshirishning muhimligi, oliy o'quv yurtlarida yosh olimlarni tegishli tarzda tayyorlashga ham alohida e'tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Delegatsiyaning Mo'ynoq tumani va Orol dengizining qurigan tubiga rejalashtirilgan safari masalalari muhokama qilindi.
Mazkur amaliyotda nafaqat germaniyalik talabalar, balki hamkor ta'lim muassasalari talabalari ham qatnashadilar. Amaliyot dasturiga ko'ra, agrar sohada ta'lim olayotgan 20 nafar o'zbekistonlik talabaning Germaniyada amaliyot o'tashi rejalashtirilgan, deya xabar bermoqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati.