Yaqinda maktab taʼlimini isloh qilish boʻyicha yil boshida belgilangan topshiriqlar ijrosi, yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda davlatimiz rahbari “2022-yilni hokimlarning maktabga eʼtibori yili, deb eʼlon qilganmiz va tuman hokimi “RayONO” mudiri boʻladi, degan vazifalarni, afsuski, hamma hokimlar ham hali toʻliq tushunib yetgani yoʻq”, deya aytib oʻtdi. Shuningdek, Prezident taʼlim muassasalari, xususiy oʻquv dargohlaridagi ilgʻor metodikani hududidagi maktablarda joriy qilish borasida hokimlarda tashabbus yetishmayotgani taʼkidladi.
Haqiqatan ham taʼlim sifatini tubdan oshirish, maktablardagi maʼnaviy muhitni yaxshilash borasida bajarilayotgan tizimli ishlar salmogʻiga nisbatan samaradorlik ancha past. Shu maʼnoda taʼlim-tarbiya masalasiga hamma masʼul ekani, ayniqsa, viloyat, tuman hokimlari bu borada fidoyilik koʻrsatishi zarurligi qayta-qayta taʼkidlanayotgani bejiz emas. Zero, maktablardagi muammolarni, asl holatni hokimlar “RayONO” mudiri boʻlgandagina koʻra oladi.
Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumani hokimi Elyorbek Nabijonov tumanda koʻplab yangi loyihalar qatori maktablardagi taʼlim sifatini, ayniqsa, oʻquvchilarning xorijiy tillarni oʻzlashtirish darajasini oshirish boʻyicha oʻziga xos tajribani yoʻlga qoʻydi. U Germaniyadan malakali oʻqituvchilarni tumanga taklif etish loyihasini ishlab chiqqan. Unga koʻra, taklif etilgan 5 nafar tajribali pedagogning biri — myunxenlik, 40 yillik pedagogik tajribaga ega Yorg Aster bu yil fevral oyida Qoʻrgʻontepaga yetib keldi.
Olmoniyalik pedagogni tumandagi 5-maktab maktab jamoasi kutib oldi. Chunki Yorg Asterning ish joyi, yaʼni alohida sinfxonasi shu maktabda tashkil etilgan. Sinfxona zamonaviy jihozlar, yangi avlod kompyuteri, maʼruza uchun qoʻshimcha texnik qulayliklar bilan taʼminlangani xorijlik mutaxassisga avvalboshdanoq koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Bu haqida oʻshanda u toʻlqinlanib gapirgandi.
Yorg Aster bir oy tumandagi nemis tili oʻqituvchilarining bilimi hamda malakasini oshirish bilan shugʻullandi. Mehmonni yurtiga kuzatar chogʻi tuman hokimi unga hududda nemis tili fanini oʻqitish sifatini yuqori darajaga olib chiqish maqsadida uzoqroq muddatga yangi shartnoma tuzishni taklif qildi. Germaniyaga yetib borgach, pedagog halqaro tashkilot mutasaddilariga Qoʻrgʻontepa haqida iliq fikrlar aytib, tumanda ishni davom etish istagini bildirdi. Uni tumanga qayta yuborish masalasi maʼqullangani, albatta, quvonarli.
Mart oyida ikkinchi oʻqituvchi — Karl Shvars kutib olindi. Rejaga muvofiq, tumandagi yigʻma uy-joylar mavzesida yashash joyi va 3-maktabda zamonaviy darsxona bilan taʼminlangan chet ellik mutaxassis ayni paytda ingliz tili fani oʻqituvchilari uchun mahorat darslari oʻtyapti. Uchrashuv payti Elyorbek Nabijonov Karl Shvarsdan hamkorlikda taʼlim sohasini rivojlantirish, muallimlarning malakasini oshirish uchun bor imkoniyatini ishga solishi, zarur boʻlsa, qoʻshimcha koʻmak berishini soʻradi.
Ayni paytda xuddi Yorg Aster kabi Oʻzbekistonga, samimiy oʻqituvchilarga mehri tushib qolgan janob Shvars yurtimiz, jumladan, Qoʻrgʻontepa haqida shunday dedi: “Men koʻp davlatda boʻlganman. Biroq bu yerdagi oʻqituvchilarning qiziqishi meni oʻzgacha taʼsirlantirdi. Ularning bilimga ishtiyoqi, fanga munosabati tahsinga loyiq. Yaqin uch haftada pedagoglarga bilganlarimni oʻrgataman va oʻylaymanki, ularning faoliyati yana bir necha pogʻona yuqorilaydi. Tuman hokimining taʼlimni rivojlantirish uchun qilayotgan ishlaridan hayratlandim. Ilm-fanga eʼtiborli jamiyat yuksalaveradi. Oʻzbekiston menda shunday taassurot uygʻotyapti”.
Karl Shvars ingliz tili oʻqituvchilari bilan ilgʻor tajribalar asosida shugʻullanishdan boʻsh vaqtida mahalliy maktablar faoliyati bilan ham alohida qiziqmoqda. Jumladan, tumandagi 16-maktabga borib, ingliz tili darslarining oʻtilishi, oʻqituvchi va oʻquvchilar oʻrtasidagi muloqotni diqqat bilan kuzatdi. Qoʻllanayotgan metod hamda pedagogik texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga pedagoglar va oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashib, dars mazmunini boyitish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berdi.
Hududdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati ham xorijlik mutaxassis eʼtiboridan chetda qolmadi. Xususan, 8-MTTda boʻlgan janob Shvars muassasaning kun tartibini oʻrgandi va bolalarga til oʻrgatish boʻyicha mashgʻulotlarga guvoh boʻldi. Oʻz navbatida, tarbiyachi va oʻqituvchilar ham tajribali pedagogdan koʻproq bilim, tajriba olib qolish istagida.
Yaqinda tumanda ilgari surilgan yana bir tashabbusga koʻra, xorijiy til oʻqituvchilari oʻrtasida “Hokim sovrini uchun” fan olimpiadasi oʻtkazildi. Bellashuvda 120 nafar ingliz tili va 11 nafar nemis tili oʻqituvchisi qatnashdi. Yakuniy natijalarga koʻra, gʻoliblarga 1-oʻrin uchun 10 million, 2-oʻrin uchun 7 million va 3-oʻrin uchun 5 million soʻmlik vaucherlar, shuningdek, har bir oʻringa ikkitadan gʻoliblik belgilanib, peshqadamlarga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Tumanda avval kuzatilmagan bu kabi tizimli ishlar oʻqituvchilarni oʻz ustida tinimsiz ishlashga undash barobarida boʻlgʻusi loyihalarga xayrixohligini oshirmoqda.
Har bir hududda muammolarni oʻrganib, ularga yechim topadigan, oʻqitish sifatini koʻtarishda maktab direktorlari va oʻqituvchilar bilan baqamti ishlaydigan masʼullarning oʻz vazifasiga vijdonan yondashuvi taʼlim fidoyilarini kashf etishda muhim omil boʻladi. Ayniqsa, maktablarda bilim berish sifatini oshirish borasidagi saʼy-harakatlar mamlakatimiz taʼlim tizimini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan islohotlar samaradorligini belgilab beruvchi muhim mezondir.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri