Tadbirda Germaniyaning turli hududlaridagi yurtdoshlarimiz, “Au Pair” dasturi boʻyicha ushbu mamlakat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar, “Work and Travel” dasturi boʻyicha mavsumiy ishlarga jalb etilgan mehnat migrantlari va xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.
Yigʻilganlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-siyosiy islohotlar, oʻzbek yoshlarining intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda Oʻzbekiston -Germaniya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy hamkorlikning holati va istiqbollari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Tinchlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda vatandoshlar oʻrtasidagi yaqin doʻstona rishtalar va xalqimizning madaniy-maʼnaviy qadriyatlarning targʻib etilishining muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, oʻzbek yoshlarini vatanparvarlik gʻoyalari ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarimiz va gʻoyalarimizga yot boʻlgan ommaviy madaniyatning zararli taʼsirlaridan saqlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv davomida yurtdoshlarimiz oʻzlarining kasbiy faoliyatlari boʻyicha tajriba almashdilar, bitiruvchilar va talabalarga kelgusida Germaniyada ish topishi va malakasini oshirish boʻyicha foydali tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, Germaniyadagi oʻzbekistonlik xotin-qizlarning intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishda qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar oʻrtasidagi milliy oʻyinlar tashkil etildi, tabiat qoʻynida oʻzbek raqslari ijro etildi va palov tayyorlandi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, xorijlik mehmonlar Oʻzbekiston sayyohlik salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan oʻzbek xalqining qadimiy anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.